Meksika o‘rtasida barpo etilajak devor, sog‘liqni saqlash to‘g‘risidagi qonunning bekor qilinishi va immigratsiyani cheklash hamda boshqa xabarlar xususida batafsil.

Donald Tramp 2017 yil 20 yanvarida AQSh prezidenti lavozimiga kirishdi. Vakolatlarini bajarayotganiga bir hafta bo‘lishiga qaramay, shov-shuvli bayonot va ko‘rsatmalar berishga ulgurdi. Uning barcha tashabbuslari u yoki bu ma'noda saylovoldi kampaniyasi chog‘ida berilgan va'dalar bilan bog‘liq va Barak Obamaning siyosatini keskin o‘zgartirib yubordi.
Hozircha, Tramp o‘zining barcha g‘oyalarini amalga oshira oladimi-yo‘qmi, biron narsa deyish qiyin. Masalan, Meksika prezidenti umumiy chegarada devor qurish bo‘yicha turli qarashlar sababli u bilan uchrashuvini bekor qildi. TJournal Trampning olti kunlik davlat rahbari lavozimidagi faoliyatiga ko‘z yugurtirgan.

Donald Tramp Meksika bilan devor qurish haqidagi saylovoldi bayonotlari quruq gap emasligini amalda isbotlashga kirishdi. 25 yanvarda prezident o‘zining balandparvoz va'dasiga muvofiq, janubiy chegaralardagi migratsiya inqiroziga barham berish maqsadida devor qurishga doir qarorini imzoladi.
Bundan bir kunlar avval, Tramp ABC telekompaniyasiga bergan intervyusida, qurilish ishlari «bir necha oylardan so‘ng» boshlanishi mumkinligini qayd etdi. Davlat rahbari bu borada aniq sanani aytmagan bo‘lsa-da, keyinroq zudlik bilan boshlanishiga ishora qildi.
Ta'kidlash joizki, Trampning ushbu rejasini amalga oshirish pulga borib taqaladi. AQSh rahbari barcha xarajatlarni Meksikadan undirib olishni xohlamoqda. Qo‘shni davlat rahbariyati esa, bir necha marotaba rad javobini bergani ma'lum.
Trampning hisob-kitoblariga ko‘ra, 3 ming kmlik devor kamida 12 mlrd dollarga aylanadi. Mutaxassislar esa, inshootning haqiqiy bahosi 15-25 mlrd dollarni tashkil etishini aytishmoqda. Donald Tramp loyihani amalga oshirish uchun moliyaviy manbani hal qilishi talab etiladi. Shu bilan birga, Kongress ham shu rejani qo‘shimcha moliyalashtirishni tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Trampning ilk farmonlaridan yana biri bu sog‘liqni saqlashga doir Obama qonunini bosqichma-bosqich bekor qilish bo‘ldi. Obamaning tashrif qog‘ozi va ko‘plab ziddiyatli qarashlarga sabab bo‘lgan «Affordable Care Act» dasturini bekor qilishni mamlakat Senati ham qo‘llab-quvvatladi.












