00:28 / 28.01.2017
20596

Mirziyoyev: Xorazmga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish lozim

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27 yanvar kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurgani haqida O‘zA agentligi xabar bermoqda. 

Prezidentimizning viloyatga tashrifi Xivadagi Ichan-qal'a majmuasidan boshlandi. 

Muzey-qo‘riqxona – Ichan-qal'a majmuasi xalqimiz tarixi, madaniyati, ilm-fani, qadimiy me'morlik va hunarmandlik an'analarini mujassam etgan. Insoniyatning bebaho boyligi sifatida YuNeSKOning jahon merosi durdonalari ro‘yxatiga kiritilgan. Muzey fondida 38 ming 561 eksponat bor. 2016 yilda Ichan-qal'aga 75 mingga yaqin kishi, jumladan, 84 mamlakatdan 34 ming sayyoh kelgan. 

Xorazmda bunday tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar juda ko‘p. Ular zamon talablari asosida ta'mirlanib, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida viloyatda turizm izchil rivojlanib borayotir. 2016 yilda xorijlik sayyohlarga ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti 2013 yilga nisbatan 20 foiz oshgan. 

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratdi. 

Pahlavon Mahmud maqbarasi ziyorat qilindi. 

Davlatimiz rahbari Matniyoz Devonbegi madrasasida Xiva shahrining tarixiy qismida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari rejasi, Isfandiyorxon qabul marosimlari uyi va Nurillaboy saroy majmuasini rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishdi. 

Prezidentimiz Xorazmning turizm borasidagi imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish va ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, mehmonxonalar va transport infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini ta'kidladi. Zotan, turizm mamlakat iqtisodini rivojlantirish, ayniqsa, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim sohalardan hisoblanadi. 

Urganchdan Xivagacha temir yo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoyezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi. Shaharning turizm jozibadorligini oshirish maqsadida saylgoh ko‘chalar tashkil etish va kechki sayr imkoniyatini yaratish, ularda milliy urf-odatlarimiz va ko‘ngilochar dasturlarni namoyish qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan suhbatda tarmoqda xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali xorijlik sayyohlarni ko‘proq jalb qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, suvenir ishlab chiqaradigan korxonalarni ko‘paytirish xususida so‘z bordi. Soha mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berildi. 

Shavkat Mirziyoyev Xorazm Ma'mun akademiyasiga tashrif buyurdi. 

Ushbu akademiya Birinchi Prezidentimizning 1997 yil 11 noyabrdagi farmoniga muvofiq qayta tashkil etilgan. 2006 yili YuNeSKO shafeligida Xorazm Ma'mun akademiyasining 1000 yilligi nishonlangan. 

Bugungi kunda ilmiy muassasada 41 nafar ilmiy xodim, jumladan, 7 nafar fan doktori, 19 nafar fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. Ular Xorazm davlatchilik tarixi, bu zamindan yetishib chiqqan olimlarning jahon fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi, Xorazm me'moriy yodgorliklarini biologik, fizik va boshqa salbiy ta'sirlardan himoya qilish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, voha sharoitiga mos qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini iqlimlashtirish, sho‘rlanish va cho‘llanishning oldini olish kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. 

Prezidentimiz akademiyada ilmiy yo‘nalishlarni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ularni amaliyotga keng joriy qilish, olimlarning turmush sharoitlarini yanada yaxshilash zarurligini ta'kidladi. Akademiya tomonidan arxeologiya yo‘nalishida erishilgan muvaffaqiyatlardan foydalanib, bu ilmiy muassasani sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish, xalqimiz tarixini chet ellik turistlarga targ‘ib qilish masalalariga e'tibor qaratildi.

Top