16:58 / 28.01.2017
11015

O‘tkazilgan “Karera kuni”da bitiruvchi yosh mutaxassislar munosib ish o‘rinlariga ega bo‘ldilar

O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida mamlakatimizda zamonaviy mehnat bozorini rivojlantirish, yangi ish joylarini barpo etish, yosh mutaxassislarni ish bilan ta'minlash, kadrlar tanlashning zamonaviy vositalarini tatbiq etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Ayni masalada mamlakat Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Bugunning o‘zida har bir bitiruvchini aniq bir tashkilotga biriktirishni ta'minlash bilan birga uning bo‘lajak ish joyi, ish haqi va ijtimoiy sharoitlarini aniq belgilash zarur” – degan so‘zlari alohida ahamiyat kasb etishini ta'kidlash lozim.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining joriy o‘quv yili bitiruvchilari uchun tashkil etilgan an'anaviy “Karera kuni” axborot tanishtiruv tadbirida 230dan ortiq, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank va tijorat banklari, Savdo-sanoat palatasi, qator yirik korxona va tashkilotlar, muassasalar, firmalar 1088 ta bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdilar.

Ma'lumot uchun aytish kerakki, universitetda yoshlarni ish bilan ta'minlash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, joriy 2016-2017 o‘quv yili uchun bakalavriat bosqichidagi mavjud 13 ta ta'lim yo‘nalishi hamda 19 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha ta'lim dargohini tamomlayotgan 1262 nafar (bakalavriat bosqichida 927 nafar va magistratura bosqichida 335 nafar) bitiruvchilar rektorat, dekanatlar va mutaxassislik kafedralari tomonidan bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish, ishga taqsimlash rejasiishlab chiqilgan.

Tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha o‘z takliflari bilan ishtirok etayotgan muassasa va tashkilotlarga bitiruvchi talabalar to‘g‘risida ma'lumotlar taqdim etildi. Bitiruvchi yosh mutaxassislar tomonidan taklif asosida zamonaviy usulda bilim va malaka taqdimotlari uyushtirildi hamda ular bilan taklif etilgan vazirliklar, idora va tashkilotlar vakillari o‘rtasida muloqotlar olib borildi.

Natijaga ko‘ra, ishga joylashtirish bo‘yicha universitet bilan shartnomalar imzolandi va 484 nafar bitiruvchi o‘z egallagan mutaxassisliklariga mos ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir davomida Mikrokreditbank ATB mutasaddilari tomonidan “Bo‘sh ish o‘rinlari va o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan talabalarga mikrokreditlar ajratish tartibi” mavzusida seminar o‘tkazildi.

“Karera kuni” tadbiri keng axborot ta'minoti asosida tashkil etildi. Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilariga universitetdagi mavjud moddiy-texnik baza, o‘quv, tarbiyaviy, ilmiy jarayonlardagi innovatsiyalar, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashning eng diqqatga sazovor tomonlarini yoritib berildi.

Top