18:06 / 29.01.2017
55091

Sh.Mirziyoyev: "Bir tomondan korxona yaratsak-da, ikkinchi tomondan yopsak - buning nima keragi bor?!"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. 

Xorazmda aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash bo‘yicha 167,1 milliard so‘mlik 4 loyiha amalga oshirilishi ma'lum bo‘ldi. Bu mingdan ortiq oila, shu jumladan 702 ta kam ta'minlangan, yosh va ko‘p farzandli oilalarni uy-joy bilan ta'minlash imkonini yaratishi qayd etildi. 

"Agar viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning bugungi holatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘pgina sohalar bo‘yicha mavjud ahvolni tom ma'noda tashvishli desak, adolatdan bo‘ladi. 

2016 yil natijalari bo‘yicha viloyatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarida qoniqarli emas. Viloyatda aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan yalpi mahsulot ulushi bor-yo‘g‘i 4,6 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichidan 1,6 barobarga, qo‘shni Buxorodan 1,5 barobarga kam. 

Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi prognoziga nisbatan, 532,7 milliard so‘mga, 94,7 foizga bajarilgan. Sanoatda ishlab chiqarish ko‘rsatkichi barbod qilindi. Bu borada avtosanoat ulushi katta bo‘ldi. 

2016 yilda viloyatda 345 ta sanoat korxonasi tashkil etilgan bo‘lsa, 221 tasi tugatilganini qanday tushunish mumkin?! Buning oqibatida 450 ish o‘rni yo‘qotilgan. Viloyatda buni tahlil qiladigan, buning uchun javob beradigan mas'ul rahbar o‘zi bormi yo yo‘qmi? Buning nima keragi bor - bir tomondan yaratsak, ikkinchi tomondan yopsak?! 

Bugungi kunda GM Uzbekistan Xorazm filialida "Damas" va "Labo" avtomashinalari uchun 448 ta 22,5 foiz butlovchi qismlar respublikadagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilmoqda. Shuning 112 tasi Xorazmda ishlab chiqarilyapti. Haqli savol tug‘iladi - nima uchun viloyat korxonalarida butlovchi qismlarni mahalliylashtirish juda sustkashlik bilan rivojlanmoqda? Bu masalada umuman olganda kompleks tadbirga kiruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan viloyatda joriy yilda qancha korxona, qachon va qayerda ishga tushiriladi degan aniq savol turibdi. Bosh vazir o‘rinbosari Ro‘ziqulov bu masala yechimi bo‘yicha rejasini o‘z hisobotida aniq yoritib berishi kerak", - dedi davlatimiz rahbari. 

Top