14:50 / 30.01.2017
7054

Masjiddagi terakt: Kvebekdagi otishma tafsilotlari

30 yanvarga o‘tar kechasi Kanadaning Kvebek shahridagi islom madaniy markazi masjidiga uyushtirilgan hujum natijasida kamida olti kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi yaralandi. 

Hodisa joyida huquq-tartibot idoralarining qurolli otryadi ishlamoqda.

Huffington Post Quebec ma'lumotlariga ko‘ra, politsiya ikki nafar gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Ayni vaqtda bu shaxslar so‘roq qilinmoqda.

Reuters ma'lumotiga ko‘ra esa, hujum qiluvchilar soni 3 kishi edi.

Mahalliy nashrlar ma'lumotlariga ko‘ra, niqob taqqan noma'lum shaxslar kechki namoz vaqtida masjidni o‘qqa tutgan. Ular hujumdan oldin diniy hayqiriqlarni aytishgan. Bu vaqtda bino ichida 40 nafarga yaqin kishi bo‘lgan.

Kvebek provinsiyasi bosh vaziri Filipp Kuyar hujumni terakt deb atadi. Kvebekda shu kuni davlat bayroqlari tushirib qo‘yiladigan bo‘ldi.

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo bu hodisani «bema'ni zo‘ravonlik akti» va «musulmonlarga nisbatan terrorchilik hujumi» deb ta'rifladi.

«Bugun kanadaliklar Kvebekdagi masjidda sodir bo‘lgan qo‘rqoqlarga xos hujum natijasida halok bo‘lganlarga motam tutmoqda. Mening bor fikrim hozir hujum qurbonlari va ularning oilalari bilan band», — deya qayd etdi Tryudo.

 

Top