Jahon | 11:30 / 30.01.2017
7028
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Gruziya Rossiya bilan diplomatik munosabatni tiklash mumkinligini bildirdi

Gruziya bosh vazirining Rossiya bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakili Zurab Abashidzega ko‘ra, Moskva va Tbilisi o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni tiklash masalasi kun tartibiga qo‘yilishi mumkin. Albatta, bu ayrim shartlarga bog‘liq bo‘ladi, deb yozmoqda «Izvestiya» nashri.

2017 yil fevral oyi boshlarida Pragada Abashidze va Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Karasin o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Biroq, hozircha, diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar diplomatik munosabatlarni tiklash masalasini muhokama qilishmaydi. Gruziya bosh vaziri maxsus vakilining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv vaqtida savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyasi va «ayrim gumanitar muammolar» muhokama qilinadi.

«Boshqacha so‘z bilan aytganda, biz aniq mavzularni ko‘rib chiqamiz. Ikki tomonlama munosabatlarning Abxaziya va Tsxinvali mintaqasiga doir birmuncha murakkab masalalari xalqaro Jyeneva muzokaralarida muhokama qilinadi», — degan Abashidze. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tbilisi ma'muriyati amaliy masalalar bo‘yicha muloqotni Praga va Jyeneva xalqaro muloqoti doirasida davom ettirishga tayyor. 

«Buning uchun Gruziya tomoni shay va siyosiy xohishga ega», — deb ta'kidlagan Gruziya maxsus vakili. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 23 dekabr kuni o‘tkazgan har yillik matbuot anjumanida, Gruziya va Rossiya o‘rtasidagi viza tartibini bekor qilish imkoniyatini rad etmasligini bildirgan edi. 

Mavzuga oid