Jamiyat | 13:46 / 30.01.2017
12451
4 daqiqa o‘qiladi

Shisha ortidagi fojia yoki 18 yilga qamalgan erkak qilmishi

Anvar Shokirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) dastlab o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganida yoshlik qilib qo‘ygan, deb yarashuv instituti qo‘llanilgan edi. Oradan bir yil o‘tib esa, yana o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyatini sodir etdi va uch yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Ammo O‘zbekistondagi insonparvarlik tamoyilidan kelib chiqib qabul qilingan amnistiya aktiga ko‘ra, u belgilangan jazoni o‘tashdan ozod qilingan. Boshqacha qilib aytganda, A.Shokirovga xatosini to‘g‘irlab olish uchun yana bir imkoniyat berilgan. Biroq u bunday imkoniyatdan unumli foydalanmadi.

“Huquq” gazetasining yozishicha, odatdagi kunlardan birida u tanishi Muhiddin Isroilovga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan istirohat bog‘ida ko‘rishishga kelishadi. Aytilgan vaqtda bog‘ ichida uchrashishgach, shu atrofdagi muzqaymoqxonaga kirishadi. Ikki “do‘st” bu uchrashuvni pivo ichimligi bilan “nishonlash”dan boshlashadi. Shu zayl oradan 2-3 soat o‘tib, pivo ham o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Biroq ularning nafslari yana spirtli ichimlik talab qiladi. Bu vaqtda esa cho‘ntaklarida bir chaqa ham qolmagan edi. Shu onda Komil ismli bola ularning yonidan ikkita yarim litrlik shishada pivo ko‘tarib o‘tadi. Buni ko‘rgan Anvar Komilni to‘xtatib, pivoni qayerga olib ketayotganini so‘raydi. U esa, Istamga olib ketayotganini aytadi. Ichkilik ta'siridan biroz “dadillashib” olgan Anvar unga Istam do‘sti ekanligini, shu yerga kelsa, ushbu pivoni birga ichishini aytib, uning qo‘lidagi ichimliklarni olib qoladi-da, Komilni jo‘natib yuboradi. Omad kulib boqqanidan xursand bo‘lgan Anvar navbatdagi shishalarni bo‘shatayotganida ular o‘tirgan joyga E.Jabborov, L.Jamilov, M.Iminov, M.Sharipovlar kelib, ushbu holatga oydinlik kiritib olmoqchi bo‘lishadi. E.Jabborov sarxush o‘tirgan Komildan olib qolgan pivolarining pulini to‘lab qo‘yishni talab qilib, undan 5000 so‘m pul so‘raydi. Anvar unga javoban hech kimdan pul olmaganini, faqatgina pivo olganini aytib, qo‘pol muomala qiladi. Shundan so‘ng, ular gap talashib ketishadi. Tortishuvga nuqta qo‘yish maqsadida Anvar E.Jabborovni ko‘chaga chiqib, gaplashib olishga chorlaydi. Ko‘chada bir-birlarini haqoratlashdan boshlangan janjal fojia bilan tugaydi. Anvar E.Jabborovning qorniga, L.Jamilovning esa ko‘kragiga pichoq sanchib oladi. Qilar ishni qilib, o‘ziga kelib qolgan zo‘ravon qo‘lidagi pichog‘ini istirohat bog‘ining ko‘zdan panaroq joyiga tashlab yuboradi.

O‘z vaqtida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam tufayli E.Jabborovning hayotini saqlab qolishga erishiladi. Biroq L.Jamilovga yetkazilgan tan jarohati og‘ir bo‘lganligi uchun kasalxonada vafot etadi.

Sud A.Shokirovga nisbatan jazo tayinlab, hukm o‘qidi. Unga ko‘ra, bu shaxs o‘n sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mavzuga oid