Jamiyat | 08:16 / 31.01.2017
7635
2 daqiqa o‘qiladi

Ikki yil ichida 21 ming kilometr masofani suzib o‘tgan akula topildi

Foto: © EAST NEWS

Floridadagi Nova Janubi-Sharqiy universitetiga tegishli bo‘lgan Gay Harvi nomidagi tadqiqot instituti professori Mahmud Shivji kuzatuv olib borgan akulalaridan biri juda ham g‘aroyib natijaga erishganini xabar berdi. Akula-mako (Isurus oxyrinchus) ikki yil davomida 21 ming kilometr masofani suzib o‘tgan, bu esa ekvator bo‘yicha yer shari atrofidagi yo‘lning yarmidan ko‘pini tashkil qiladi, deb xabar qildi FoxNews.

Professor so‘zlariga ko‘ra, bu akula "Enerjayzer" batareykalari reklamasidagi quyonga o‘xshash: u har doim harakatda bo‘lgan. Ushbu Jahannam Ko‘rfazi (Hell’s Bay) laqabli akula-makoni 2015 yil mayida AQShning Merilend shtatidagi Oushen-siti qirg‘og‘ida kuzata boshlashgan.

Jonivor o‘z safarining birinchi yarmida sharqiy sohil bo‘ylab shimolga yo‘l oldi, so‘ng yana ortga qaytib keldi. Olimlar ma'lumotiga ko‘ra, u butun 2016 yil davomida Merilendga yaqin suvlarda bo‘lgan, biroq vaqti-vaqti bilan Atlantika okeani tubiga sho‘ng‘igan. Shu bilan bir qatorda, u har kuni bu guruhdagi boshqa akulalarga nisbatan ko‘proq suzdi. Akula tomonidan qoldirilgan izlar esa olimlarga ularning xatti-harakatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi.

2016 yilning dekabrida Shimoliy Karolina (AQSh) qirg‘oqlari yaqinida baliqchilar tomonidan tutilgan akula-mako o‘zida olimlar tomonidan o‘rnatilgan GPS-qurilmani olib yurgan. Ma'lum bo‘lishicha, 2015 yilda GPS-treker o‘rnatilganidan so‘ng u 13,5 mingdan ortiq kilometr masofani suzib o‘tgan. O‘sha treker ham Gay Harvi nomidagi tadqiqot instituti olimlari tomonidan o‘rnatilgan bo‘lgan.

Mavzuga oid