O‘zbekiston | 15:38 / 31.01.2017
109530
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning prezidentlikdagi ilk kitobi nashrdan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak" nomidagi kitobi "O‘zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etildi.

Kitobdan davlat rahbarining shu yil 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan, mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasi o‘rin olgan. 

Chuqur tahlil va tanqidiy yondashuvga asoslangan ushbu risolada O‘zbekistonning 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur'atlariga atroflicha baho berilgan. Ayni vaqtda iqtisodiyotni boshqarish, uni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish borasida keyingi paytda turli vazirlik va idoralar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va nuqsonlar ochiq va xolis tanqid qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surilgan. Turli sohalardagi mavjud ulkan imkoniyat va zaxiralarni to‘liq va samarali ishga solishga jiddiy e'tibor qaratilgan. 

O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2017 yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar, jahon bozorida raqobat kuchayib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq muhim vazifalar ma'ruzada batafsil ko‘rsatib berilgan. Ayniqsa, "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturini amalga oshirish, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, jumladan, shahar va qishloqlarimizda arzon va qulay uy-joylar qurish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni, maktabgacha ta'lim muassasalari tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar ham kitobdan alohida o‘rin egallagan.

Mavzuga oid