O‘zbekiston | 18:47 / 31.01.2017
19655
3 daqiqa o‘qiladi

«Somon Eyr» Toshkentga birinchi reys qachon amalga oshirilishini ma'lum qildi

Tojikiston aviatsiya tuzilmalari delegatsiyasi bo‘lgan birinchi reys parvozi O‘zbekiston poytaxtiga 10 fevral kuni amalga oshirilishi mumkin, deb xabar berdi «AP» nashri.

«Somon Eyr» aviakompaniyasi rahbariyati Toshkent aeroporti va «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, reyslarni tiklash bo‘yicha barcha masalalarni hal etishni rejalashtirgan», - deb xabar berdi aviakompaniya matbuot xizmati.

Shu bilan bir qatorda, matbuot xizmatining ta'kidlashicha, Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi doimiy reys 20 fevral kuni amalga oshirilishi kutilmoqda. Dushanbedan taxminan soat 10-00da parvoz qilinib, uchish vaqti 45 daqiqani tashkil etadi. Toshkentdan esa soat 12-00da parvozga chiqilishi mumkin.

«Somon Eyr» Dushanbedan O‘zbekiston poytaxtiga qishki mavsum yakuniga qadar bir haftada bir marta uchishni rejalashtirgan – dushanba kunlari. Yozgi mavsumda esa reyslar soni haftasiga ikkitaga ko‘paytiriladi – dushanba va payshanba kunlari.

«Yangi reysning ochilishi va uning takroriyligi Tojikiston fuqarolariga ham, O‘zbekiston fuqarolariga ham har ikki mamlakatga bo‘lgan o‘z safarlarini ancha yengillashtiradi», - deb ta'kidlashmoqda aviakompaniyada.

Shu bilan bir qatorda, Tojikiston transport vaziri Sherali Ganjalzodaning 30 yanvar kuni jurnalistlarga ma'lum qilishicha, Dushanbe va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnov tegishli hukumatlararo kelishuv imzolanganidan so‘ng ochilishi mumkin.

«Bu yo‘nalishdagi yo‘lovchi tashuvlari viza masalasi hal etilishiga bog‘liq. Bu esa bizning (transport vazirligi) qo‘limizdan kelmaydi», - degan vazir.

Shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, ayni vaqtda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida viza tartibi amal qiladi.

Kuni kecha esa «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi bosh direktori Valeriy Tyan mahalliy nashrlarga Tojikistonga qatnovlarni amalga oshirishni boshlanishi haqida xabar berdi.

«Hukumatlararo kelishuv imzo chekilishiga tayyor. Dushanbega reys yaqin orada amalga oshiriladi», - degan Valeriy Tyan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda o‘zbek tomoni va Tojikiston aviatsiya hukumati vakillari o‘rtasida keng qamrovli ish olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar 1992 yilda to‘xtatilgan edi.

Mavzuga oid