09:00 / 31.01.2017
6675

Shotlandiya birinchi vaziri Britaniya bosh vaziriga ultimatum qo‘ydi

Shotlandiya birinchi vaziri Nikola Sterjyen Britaniya bosh vaziri Tereza Meyga ikki oy muddatlik ultimatum qo‘ydi. Bu vaqt davomida u Brexit bo‘yicha kelishib olishi lozim. Shuningdek Sterjyen hududning mustaqilligi borasidagi yangi referendumga ham shama qilgan, deb xabar berdi Independent.

Avvalroq Sterjyen Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha yangi referendum Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishiga qadar o‘tkazilishi mumkinligi haqida aytib o‘tgandi.

"Bu mening bosh vazirga tushuntirishim mumkin bo‘ladigan eng so‘nggi imkonim. Men u tomondan qandaydir harakatni ko‘rishim lozim hamda unda buning uchun bir necha hafta davomida vaqt bor", - deya ma'lum qildi Sterjyen. Uning qo‘shimcha qilishicha, "hozircha kelishish yoki bunga harakat qilish faqatgina Shotlandiya hukumati tomonidan amalga oshirilgan".

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, YeIdan chiqish haqidagi Lissabon kelishuvining 50-moddasi kuchga kiradigan mart oyi oxiriga qadar Sterjyen yetakchisi sanaluvchi Shotlandiya milliy partiyasi anjumani bo‘lib o‘tishi mumkin. Unda u Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha yangi referendum o‘tkazilishi haqida ma'lum qilishi ehtimolga yaqin.

Shuningdek Shotlandiya milliy partiyasi Brexit muhokamasiga faol ravishda qo‘shilish va 50ga yaqin tuzatish taklif etish niyatida. Shotlandiya 2016 yilning 23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan referendumda butun mamlakatdan farqli ravishda YeIda qolishga ovoz bergan.

"Biz Shotlandiya xalqi fikri inobatga olinishi uchun barcha narsani amalga oshiramiz", - dedi partiyaning huquqiy masalalar bo‘yicha vakili Joanna Cherri. Uning eslatishicha, hukumat rejasi yangi vazirlar kengashi tasdig‘ini olishi lozim. U yerga esa mamlakatning muxtor mintaqalari - Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya rahbarlari kiradi.

Shotlandiya 2014 yilgi referendumda Buyuk Britaniya tarkibida qolish uchun ovoz berdi (55 foiz – ha/ 45 foiz - yo‘q). Sterjyen so‘zlariga ko‘ra, Birlashgan Qirollik Brexit bo‘yicha Britaniya referendumidan so‘ng "shotlandiyaliklar qolishga qaror qilgan mamlakat emasligini ko‘rsatib qo‘ydi".

Top