19:28 / 01.02.2017
7925

AQSh Afg‘onistonda jangarilar ta'sir doirasi kengayganini qayd etdi

Foto: © AFP

Afg‘oniston hukumati mamlakatning 60 foizdan kamrog‘ini nazorat qilmoqda, deb ma'lum qilindi AQSh kongressidagi maxsus komissiya hisobotida. 

2008 yilda Afg‘onistonni tiklash uchun ajratilgan mablag‘larni nazorat qilish uchun tashkil etilgan Special Inspector General for Afghanistan Reconstruction (SIGAR) komissiyasi 2016 yil noyabri holatiga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati nazorat qilayotgan hudud maydoni bir yil avvalgiga nisbatan 15 foizga kamayganini ma'lum qildi.   

Jumladan, Oro‘zg‘on viloyatida turli radikal va terrorchilik guruhlari 6 uyezddan 5tasini, Hilmand viloyatida 14ta uyezdan 8tasini nazorat qilmoqda.

Komissiya ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilning 1 yanvaridan 12 noyabrigacha 6,7 ming nafar afg‘on askari va politsiyachisi o‘ldirilgan va 11,7 mingdan ko‘prog‘i yaralangan. 2015 yil davomida 5 ming, 2014 yilda esa 4,6 ming askar va politsiyachi o‘ldirilgan edi. 

Komissiyaning baholashicha, Afg‘oniston kuch tuzilmalaridagi xodimlar soni 316 ming kishini tashkil qiladi.  

Top