20:53 / 02.02.2017
7389

Erdo‘g‘an Merkel bilan uchrashuvi chog‘ida "islom terrorizmi" atamasini qo‘llab bo‘lmasligi ta'kidladi

Foto: Anadolu

Germaniya kansleri Angela Merkel Turkiyaga 1 kunlik tashrifi davomida mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Siyosatchilar Suriya va Iroqdagi vaziyatni muhokama etishdi.

Erdo‘g‘an «islom terrorizmi» atamasini iste'moldan chiqarish kerakligini ta'kidlagan.

Qo‘shma matbuot anjumani vaqtida Turkiya rahbari «islom terrorizmi» atamasidan foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida gapirgan.

«Bunday ifoda qo‘llash to‘g‘ri emas. Islom dinini terrorizm bilan bog‘lash kerak emas. Islom - tinchlik degani, bu dinning terrorizm bilan umumiy hech bir jihati yo‘q. Bu iborani qo‘llash musulmonlarning diniy tuyg‘ularini tahqirlashdir», - degan Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidenti IShID tufayli ham «islom terrorizmi» atamasini qo‘llab bo‘lmasligini ta'kidlagan.

«Aks holda Turkiya va boshqa musulmon davlatlari bunday bayonotlarga qarshi chiqadi. Musulmon davlatlari islom dini terrorizm bilan birga tilga olinganida jim qarab tura olmaydi», - deya qayd etgan Erdo‘g‘an.

«Men musulmon prezident sifatida buni qabul qila olmayman. Dunyoning hech bir davlati IShIDga qarshi kurashda Turkiya kabi harakat qilgani yo‘q. Anqara terroristlarga qarshi kurashib kelmoqda va kurashishda davom etadi», - degan turkiyaliklar rahbari.

Erdo‘g‘an PKK, PYD, YPG va Fathulloh Gulen tashkilotini ham terroristik tashkilotlar sifatida keltirgan.

«Agar Turkiyada davlat to‘ntarishi amalga oshirmoqchi bo‘lgan isyonchilar Yevropaga qochib, Germaniyadan qo‘nim topgan bo‘lsa, rasmiy Berlin bu borada zarur choralarni ko‘rmog‘i lozim», - deya davom etgan prezident.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya – do‘stlik istovchi va NATO bo‘yicha Germaniyaning ittifoqchisi bo‘lgan mamlakat. Shu bilan birgalikda tegishli masalalar tezkorlik bilan hal qilinmog‘i lozim.

«Turkiya teraktlar tufayli katta zararlar ko‘rdi. Biz terrorizmga qarshi, jumladan Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi kurashda Turkiya bilan hamkorlik qilamiz. Bu terrorchi tashkilot ta'siri Suriya va Iroqqa ham yoyilgan», — deya qayd etgan Merkel xonim.

Top