11:55 / 02.02.2017
6954

Olimlar hajmi futbol maydoni bilan teng kvant kompyuterini qurishmoqchi

Buyuk Britaniyadagi Sasseks Universiteti olimlari boshchiligidagi xalqaro mutaxassislar guruhi juda ham katta kvant kompyuterini qurish bo‘yicha rejani taqdim etdi. U dunyodagi eng kuchli hisoblash qurilmasi bo‘lishi kerak. Tadqiqotchilar maqolasi Science Advances jurnalida chop etilgan.

Olimlarga ko‘ra, bo‘lajak mashina vakuumli muhitda bir-biri bilan bog‘langan modullardan iborat bo‘ladi. Ular ichida elektr maydonlari yordamida ionlar saqlanadi hamda ular mantiqiy ventillarni – oddiy mantiqiy amaliyotlarni bajarishga qodir bo‘lgan sxema elementlarini tashkil qiladi.

Avvalroq tadqiqotchilar modullarni fotonlar o‘tuvchi optik tola bilan birlashtirishni taklif etishgandi. Biroq buning uchun texnik murakkabligi bilan ajralib turuvchi lazer nurlarini barqarorlashtirish talab qilinardi. Yangi loyihada bu muammo elektr maydonlari yordamida hal etiladi, ular ionlarni yetkazib berish yo‘lagini tashkil qiladi. Shu tariqa, ulanish tezligi 100 ming marotabaga oshadi.

Olimlar universitetda kvant kompyuteri nusxasini qurishni rejalashtirmoqda. Ularning fikricha, hajmi futbol maydoni bilan teng bo‘ladigan mashina oddiy EHMlarda milliardlab yil talab qiladigan murakkab hisoblash amaliyotlarini bajaradi.

Mavzuga oid
Top