11:05 / 03.02.2017
10615

Qiynoqlar qo‘llangan qamoqxonaga rahbarlik qilgan ayol MRB direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining yangi tayinlangan direktori Mayk Pompeoga Jina Xespel birinchi o‘rinbosar bo‘ladi. U avval MRBning Tailanddagi maxfiy qamoqxonasini boshqargandi.

Associated Press agentligi xabariga ko‘ra, Jina Xespel MRBda 30 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. U Abu Zubayda va Abd ar-Rahim an-Nasiri kabi terrorchilar saqlangan, qiynoq turlari qo‘llangan qamoqxonada ham rahbarlik qilgandi.

Qayd etilishicha, Xespel xonim MRB direktori o‘rinbosari bo‘lgan tarixdagi ikkinchi ayoldir.

Eslatib o‘tamiz, mahbuslarni suvga bo‘ktirib qiynashga 2001 yilda 11 sentabr voqealaridan keyin prezident Jorj Bush tomonidan ruxsat berilgandi. 2009 yilning yanvarida Barak Obama bu amaliyotni taqiqladi.

Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida terrorizmga qarshi kurash doirasida mahbuslarni qiynashga ruxsat berishini aytib o‘tgandi. Yanvar oyi oxirida esa u qiynoqlar tergov jarayonida samara keltirishini qayd etib o‘tdi va shu bilan birgalikda Pentagonga qiynoq usullaridan foydalanishga ruxsat bermasligini ma'lum qildi.

Top