“Portalga yozaman” yoxud unutilayotgan farosat
Ushbu maqolani yozish, ayniqsa davriy nashrlarga taqdim etishda juda ham ko‘p bora istihola qildim... O‘ylab-o‘ylab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga bildirilayotgan ayrim murojaatlarni ko‘z oldimga keltirib, aniq bir qarorga keldim, ya'ni ushbu maqolani yozdim va davriy nashrlarga taqdim etdim...
Hayotda sizni eshituvchi, ko‘makdosh, tashvishingiz bilan yashovchi insonning borligi naqadar ulug‘ baxt. Aksincha, dodingizni kimga ham aytasiz?.. Dardingizni kim ham eshitardi?.. Bunday hayot tarzi – umr mazmunini yo‘qotishdan boshqa narsa emas. Aslida insoniyat olamini mana shu ehtiyoj ila yaratilishida ham buyuk ilohiy hikmat mavjud.
Alloh taolo Qur'oni karimda: “...Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! ...” – deb, marhamat qiladi. “Moida” surasi, 2-oyat.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonning musulmondagi haqi oltitadir” – dedilar. “Ular qaysilar, yo Rasululloh?” – deyildi. Ul zot: “Qachon uchratsang, unga salom ber, qachon seni (biror ma'ruf ziyofatga) chaqirsa, unga javob ber (mehmoni bo‘l), qachon sendan nasihat so‘rasa, unga nasihat qil, qachon aksa ursa va Allohga hamd aytsa, unga yaxshilik tila, qachon bemor bo‘lsa, uni borib ko‘r va qachon vafot etsa, hozir bo‘l (ya'ni, janoza va dafn tadbirlarida ishtirok et)!” – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyati.
Ushbu muqaddas ta'limotlar asosida insonlar bir-birlariga har dam yaxshilikni ravo ko‘rib, xatar va halokatlardan ogoh etib, asrab, yaxshi kunida shodligiga sherik, tashvishli onlarida dardiga hamdard, uni ushatuvchi malham bo‘lib yashamoqlari amr etilmoqda.
Insonning bu dunyo-yu, u dunyosi saodatli bo‘lishi uchun mazkur ko‘maklashuv muhim mezon etib, belgilab qo‘yildi. Mana shu mezon rioyasi ila uning baxti to‘kis bo‘ladi. Mehr-oqibat, insoniylik rishtalari shakllanadi. Jamiyat a'zolari orasidagi o‘zaro munosabatlar mustahkamlanadi. Natijada insonlar o‘rtasida ijtimoiy aloqalar rivojlanadi. Hamjihatlik kuchayadi. Zotan, insonga xos fazilat, uning asosiy hayot mazmuni ham aynan mana shu hamjihatlik ichradir.
Albatta, bu borada faqatgina o‘zni emas, aksincha, o‘zgalarni ham o‘zidek o‘ylab, davr zabonida aytganda – xalq dardi bilan yashamoq darkor. Zero, yuksak ma'naviyatli inson mazkur ko‘rsatmalarni o‘zi va o‘z navbatida boshqalarning ham haqi, deb biladi.
Suyukli payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bu fazilat borasida barchamizga yuksak namuna bo‘lganlar. Balki hayotlarining asosiy mazmuni mana shundan iborat bo‘ldi, ya'ni – ummat, xalq dardi, ularning ikki dunyo saodati g‘ami.
Yetuk olim va adib Sayyid Ja'far Ibn Hasan Barzanjiy rahmatullohi alayhi o‘zlarining “Iqdul-javhar fi mavlidin-Nabiyyil-Azhar” asarida Rasululloh alayhissalomning xulqlarini quyidagicha ta'riflaydi:
“Ul zot sollallohu alayhi va sallam o‘ta hayoli va o‘ta tavozeli edilar. Kavushlarini o‘zlari yamar, kiyimlarini (yirtilsa) o‘zlari tikar, qo‘y (va tuya)larini ham sog‘ar, (shu tariqa) ahli ayollarining yumushlariga chiroyli holatda yordamlashar edilar.
Miskin va kambag‘allarni yaxshi ko‘rar, ular bilan birga o‘tirar, xasta-bemorlarini ziyorat qilar, (vafot bo‘lganlarini esa) janozalarini o‘zlari hozirlar edilar.
Kambag‘allik zaiflashtirib, mushkul ahvolga tushib qolgan faqir kimsalarga past nazarda qaramas edilar ...”.
Xalq dardi bilan yashash Rasululloh alayhissalomning asosiy hayot mazmuniga aylangan ekan, demak bu – ilohiy amrdir.
Zotan, ul zot o‘zlaricha bir ish qilmaganlar. Qanday hayot kechirgan, Qur'oni karim so‘zlaridan bo‘lak nimaki aytgan (shuningdek, amalga oshirgan yoki ma'qullagan) bo‘lsalar – odatda ularning barcha-barchasi ul zotga Alloh taolo tomonidan ilhom qilingan vahiy bo‘lgan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Sizlarning sohibingiz (Muhammad) zalolatga ketgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. U (Qur'onni) havodan (xomxayoldan) so‘zlayotgani ham yo‘q. U (Qur'on) faqat (Alloh tomonidan) nozil qilinayotgan (tushirilayotgan) vahiydir”. “Najm” surasi, 2, 3 va 4-oyatlar.
Ya'ni, Quro'ni karimning har bir kalimasi farishta Jabroil alayhissalom orqali Payg‘ambarimiz alayhissalomga nozil qilingan Allohning so‘zlari bo‘lsa, Payg‘ambarimiz alayhis salomning aytgan so‘zlari (hadislari), shuningdek, amalga oshirgan yoki ma'qullagan ishlari esa Alloh tomonidan ul zotning qalblariga ilhom qilingan ilohiy ko‘rsatmalar hisoblanadi.
Yana bir bora ta'kidlash joizki, xalq dardu tashvishi, uning yorqin ertasi g‘ami bilan yashamoq – Rasululloh alayhissalomning asosiy hayot mazmuniga aylangan ilohiy ko‘rsatma bo‘ldi.
Mana shunday olijanob fazilat borasida davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev barchaga namuna bo‘lib, o‘zlarining 2016 yil 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida, jumladan, shunday degan edilar:
“... Biz 2017 yilni yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e'lon qildik. Lekin, hammamiz tushunamizki, xalq bilan muloqot, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, inson manfaatlarini ta'minlash – bu biz uchun faqat bir yillik ish emas.
... Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan – shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham – shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak – odamlarimiz bilan. Kim bilan bomaslahat ish tutishimiz kerak – avvalo xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi!
Shu ma'noda, buyuk Alisher Navoiy bobomizning “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”, degan satrlarida qanchalik chuqur hayotiy hikmat, falsafa bor...”.
Mana shu maqsadda shaxsan muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan har bir fuqarolarimizni davlat prezidentiga barcha masalalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyatlari yaratildi.
Masalaning ahamiyatli jihati shundaki, bugun kimdir bu imkoniyatlardan oqilona foydalansa, yana ayrimlar juda ham achinarli tariqada foydalanishga urinmoqda.
Aslida, virtual qabulxonani joriy etilishidagi asosiy maqsad – Siz-u biz misol xalqning dardini eshitish, ularga ko‘maklashish, tadbirli rejalarida yordamlashish, ularning baxti, kamoli, ertangi kuni edi. Shunday emas-mi?!
Biroq, mazkur manzilga kelib tushayotgan ayrim murojaatlarni o‘qigan, eshitgan yoki o‘rgangan oning qattiq xafa bo‘lib ketasan kishi.
Noto‘g‘ri yo‘l tutgan o‘g‘lining taqdiridan xavfsirab, unga bergan avtomashinasini olib qo‘ygan otaga achchiq qilib avtomashina olish maqsadida pul mablag‘i so‘rab murojaat qilgan yosh yigitning murojaatiga nima deyish mumkin?!
Ota-onasining dunyo o‘z bag‘riga sig‘dirolmas orzulari olamida tarbiyalangan yakka-yu yagona farzandni bugun katta bo‘lib, kasb-hunar kollejini tamomlagach uning baxti yo‘lida qaddi dol bo‘lgan, qo‘llari qavargan mehribonlarining yonida bo‘lish, ularning xizmatini qilib, duolarini olish o‘rniga ota-onasidan arazlab, ular bilan birga yashashdan or qilib, tanho yashash maqsadida portaldan chora izlaganiga nima deyish mumkin?!
Hojatxona chuquri to‘lib, uni tozalab berilishini so‘rab murojaat qilgan zabardast erkakning murojaatiga nima deyish mumkin?!
Ikki o‘g‘li ham o‘zlariga tegishli Chevrolet Captiva rusumli avtomashinani boshqarib yurgan otaning: “Tomimning shiferi uchib ketdi, o‘rnini shifer bilan yopishda yordam bersangiz...”, deya murojaat aylaganiga nima deyish mumkin?!
Yana kimningdir kimgadir achchiq qilib: “Bir ko‘rsatib qo‘yay!”, yana birini: “Bir yozay-chi, nima bo‘lar ekan? Rostdan ham o‘rganar ekanmi?” qabilida murojaat qilayotganiga nima deyish mumkin?!
Yana ularning “Yozdim. O‘rganishdi. Baribir natija bo‘lmadi. Qop-qop va'dalar hammasi qog‘ozda ekan-da...”, degan xulosalariga nima deysiz?..
Bu murojaatlar muhtaram davlatimiz rahbari kutgan – xalq dardi emas, illatku, axir!
Hakimlardan biri shunday debdilar:
“Agar so‘z qalbdan chiqsa – qalbga borib joylashadi. Bordi-yu u (quruq) tildan chiqsa – quloqdan nariga o‘tmaydi!”.
Tobeinlardan Hasan Basriy rohimahullohdan shunday rivoyat qilinadi:
“Shunday derdilar: “Mo‘minning tili qalbining ortida bo‘ladi. Agar biror narsani gapirishni xohlasa, uni qalbi bilan tadabbur qiladi (o‘ylaydi), so‘ng tiliga chiqaradi. Munofiqning tili esa, qalbidan oldida bo‘ladi. Shu sababli hayoliga kelgan narsani tiliga chiqaradi, qalbi bilan o‘ylamaydi”.
Tobeinlardan ibn Mihron rohimahulloh shunday degan ekanlar:
“Yaxshi insonlarga do‘st tutinish yarim donolikdir. Go‘zal savol va murojaat ilmning teng yarmidir!”.
Darhaqiqat, ilmning bir qismi savol bo‘lsa, ikkinchi qismi javobdir. Shu ikkisi asosida ilm shakllanadi. Kutilgan javob bo‘lishi uchun esa ongli va munosib savol yaratilishi kerak.
To‘g‘ri, xalqimizda “Bola yig‘lamasa, ona sut bermaydi”, degan naql bor. Biroq bola yig‘isida ham ma'no bo‘ladi. U och qolsa yig‘laydi. Ehtiyoji bitsa, ortig‘ini so‘ramaydi.
Ayrim asossiz moliyaviy murojaatlar bilan yaqindan tanishar ekansiz, xafsalangiz pir bo‘ladi. Axir, davlat mablag‘lari havoi nafs yoki ko‘r-ko‘rona sarf etish, o‘zni ko‘z-ko‘z qilish uchun jamlangan emas. Davlat boyligi oqar daryo ham emas... Ulardan unumli va maqsadli foydalanish, oqilona xarjlash kerak.
Farazan, kimdadir tadbirkorlik borasida salohiyat va iqtidor bor, biroq, moliyaviy imkoniyat yo‘q. Marhamat! Foydalansin, tegishliligi bo‘yicha belgilangan tartibda murojaat qilib, yordam olsin, tadbirkor bo‘lsin, fuqarolarni ish bilan ta'minlasin. Yana kimdadir dard, tashvish, muammo bor, tegishliligi bo‘yicha joylarga belgilangan tartibda murojaat qilib, yechimini topolmayapdi. Marhamat! Murojaat qilsin, mushkuli oson bo‘lsin, dardiga darmon topilsin!
Mana shu misol holatlarni xalq dardi, tashvishi – deydilar.
Yana shuni ham alohida ta'kidlab o‘tishni joiz, deb bilaman: portal bu – tahdid ham emas-ki, u bilan kimnidir qo‘rqitib, “qahramonlik” ko‘rsatsak va “zo‘r” chiqsak...
Er va xotin. Yosh oila. O‘rtalarida bir yarim yoshli shirin qiz farzand. Oila saxnasida nimalar bo‘lmaydi deysiz... Sabr qilsa hammasi joy-joyiga tushib ketadi. Yo‘q. Kelinning onasi “Tor qornimga siqqan qizim keng uyimga sig‘maydi-mi?!”, deya qizini o‘z uyiga olib ketdi. Ortidan “Qizim endi bu yigit bilan yashamaydi!”, deya qat'iy va keskin qaror qabul qildi. Ikki yosh esa birga yashamoqni xohlar, kelin esa bu istagini onasiga aytishdan cho‘chir edi. Natijada kuyov bu ikki tomonlama istaklarini o‘z nomidan kattalar e'tiboriga ifoda qildi. Oilani tiklash maqsadida o‘rtaga tushgan “amaki” kelinning onasiga ularning orasini isloh qilish borasida so‘z ochdi. Amaki haq so‘zlar aytdi. Ha, faqatgina haq so‘zlarni. Uch-to‘rt kalimadan so‘ng ikkinchi tomon bahs-munozaraga kirishib ketdi. Uning so‘zlari tobora jadallashib, nihoyat keskin tus oldi. G‘azabdan qaltirayotgan qo‘llarini xontaxtaga zarb bilan urib, so‘ngi so‘zni aytdi: “... Uyimdan chiqib keting! Chiqib ketinglar! Yasno?! Aks holda hammangning ustingdan PORTALGA YoZAMAN! Ponyatno, ponyatno?”, dediyu uyining ichkari xonasiga kirib ketdi. ...
Bu misol tahdidlarni ko‘plab uchratish mumkin...
Bo‘lar-bo‘lmasga portalni “qurol” qilib, “raqibi”ni qo‘rqitmoqchi bo‘lganlarning tahdidini qanday tushunish mumkin?!
Bu misol murojaatlar ham muhtaram davlatimiz Rahbari kutgan – xalq dardi emas, yanada ulkan illatku, axir!
Kechirim, tinglash, tushunish yohud tushuntirish, ongli va to‘g‘ri qaror qabul qilish misol insoniy fazilatlar qayoqda qolmoqda...
Qolaversa, portal – ulug‘ dargoh. Uni ermak yoki o‘yinga aylantirish ulkan jaholat va qabohatdir.
Portaldagi murojaatlarni ko‘rib, nima uchun: “Menga kitob olishda amaliy yordam ko‘rsating...”, “Shahrimiz yoki qishlog‘imizda ochiq kutubxona tashkil etib bering...” misol go‘zal takliflar uchramasligiga xayratlanasan kishi. Aslida eng asosiy dardimiz mana shu – kitob mutolaasi bo‘lishi kerak emasmi...
Aytadilar-u: “Yemoq uchun yashalmaydi, yashamoq uchun yeyiladi!” deb. Bu iboradagi yashamoqdan murod – ma'naviy hayot, ruhan tiriklikdir.
To‘g‘ri, xalqimizda “Avval taom, keyin kalom!”, degan naql bor. Lekin bugun Ona zaminimizda och odamning o‘zi yo‘q!
Bir o‘ylab ko‘ring... Mulohazasiz, o‘ylanmasdan amalga oshirilgan murojaatlar ortida qanchadan-qancha sarsongarchiliklar, yo‘qotishlar yuzaga kelmoqda. Sarf etilgan ortga qaytmas vaqtlar, ko‘z nurlari, elektr quvvati, qog‘ozlar va boshqalar... Bularning ham hisobi bor-ku, axir...
Agar biz virtual qabulxonada ish yuritayotgan mutasaddilar, o‘z navbatida murojaatlarni o‘rganish bo‘yicha mas'ullarni o‘rinli murojaatlarimiz asosida to‘g‘ri yo‘naltirsak – qimmatli vaqtlar, ko‘z nurlari, quvvatlar, qoralangan qog‘ozlar zoye ketmaydi. Natijada bizning ham, ularning ham qalblari shodlikka to‘ladi. Aksincha, uning aksi bo‘ladi.
Eng avvalo, har bir yumushimizni o‘z oilamizda yoki mahallamizda, nari borsa tuman yohud shahrimizda hal qilish chorasini izlasak ayni muddao ish bo‘lar edi. Bordi-yu bu yo‘nalishda murojaatimiz hal qilib berilmasa yoki uning yechimini topish imkoni bo‘lmasa davlat Rahbarining virtual qabulxonasiga murojaat qilsak munosib ish bo‘lar edi.
Aksincha, mahalla, tuman yoki shahar mutasaddilari kim... Ular davlat Rahbarining vakillari emasmi... Ularga asossiz holda ishonchsizlik bildirish munosib ishmikin...
Shuni ham yodda tutish kerakki, davlat Rahbari ham oila otasidek gap. Farzandlar har ishda bo‘lar-bo‘lmasga birgina otasiga osilaversa, ota qayergacha boradi... Uni qadrlash, unga kerakli o‘rindagina murojaat qilish, qolgan vaqtlarda muammolarini o‘zlari o‘zaro hal etmoqlari yuksak fazilat, ma'naviyat va donolik hisoblanadi.
Shuningdek, Siz-u biz xalqning dardi bilan yashayotgan davlatimiz Rahbarini oila otasidek avaylamog‘imiz, unga qanot bo‘lmog‘imiz, u kishini o‘zimiz va farzandlarimiz uchun ko‘p yillar kerakligini unutmasligimiz lozim!
Nurali MAVLANOV,
Zangiota tumani bosh imom-xatibi.
Mavzuga oid
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga boradi
16:30 / 01.10.2024