14:24 / 03.02.2017
9185

Rangli metallarni Qirg‘izistonga noqonuniy olib o‘tmoqchi bo‘lgan jinoyatchilar ushlandi

Uychi tumanida yashovchi Kozim Tursunov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tadbirkorlik deganda qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, faqat mo‘may pul orttirishni tushunardi. O‘zining ikki hamtovog‘i bilan qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga chegaradan aylanma yo‘llar orqali 17 ta qopga joylangan qiymati 1 mln. 809 ming so‘mlik jami 526 kg. 500 gramm rangli metall va ularning rezgi-chiqitlarini sotish uchun olib o‘tishga chog‘lanayotgan mahal huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Kozim avvaldan Uychi tumanida yashovchi dehqonlardan ko‘tarasiga turli dehqonchilik, bog‘dorchilik va poliz mahsulotlarini sotib olib, bozorda ulgurji sotish bilan shug‘ullanib yurardi. U 2015 yilning yoz oylarida navbatdagi “safar”laridan birida qirg‘izistonlik Akram ismli shaxs bilan tanishib qoladi. Akram unga agar rangli metall olib o‘tsa, qimmat narxlarda sotib berishini taklif qiladi. Kozim o‘ylab o‘tirmay bu taklifga rozi bo‘ladi.

Uyiga qaytgan Nozim Namangan shahridagi “Chorsu” dehqon bozorida eski buyumlar sotish bilan shug‘ullanuvchi savdogarlardan hamda turli shaxslardan rangli metall – misning 1 kilosini 9000 so‘mdan, latunni esa 5000 so‘mdan sotib olib, yig‘a boshlaydi. “Xazina”ni to‘plash va saqlash uchun tanishi Uychi tumanida yashovchi Zohid Nosirovning hovlisidan foydalanadi.

Hech qayerda ishlamaydigan Zohid ham garchi bu ishning noqonuniy ekanini, oqibati yaxshilik bilan tugamasligini bilib tursa-da, tekin daromad ilinjida bu ishga bosh qo‘shadi.

Oradan uch-to‘rt oy o‘tgach, o‘g‘rincha yig‘ilgan “boylik” daragini telefon orqali eshitgan Akram to‘plangan rangli metall parchalarini kelishilgan joyga olib kelishlarini tayinlaydi.

Kozim bu ishda o‘zining sinfdoshi O‘ktam Zuhurovning “Damas” avtomashinasidan foydalanishga qaror qiladi. O‘ktam avvallari ham ularning buyumlarini bozorga olib borib yurgani bois, ikkilanmay rozi bo‘ladi. Bundan tashqari, Kozim O‘ktamga metallarni temir deb ishontiradi. Ular o‘rindiqlari olingan “Damas”ga rangli metallarni obdon joylab, ustini mato bilan o‘rashgach, yo‘lga tushishadi. Uch “ishbilarmon” olg‘irlar metall va uning rezgi-chiqitini sotish uchun Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududga olib kelishayotganida chegara yaqinida huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlarga nisbatan sud hukmi o‘qildi va tegishli jazo tayinlandi.

Top