10:14 / 04.02.2017
8429

AQSh bir oydan so‘ng qator musulmon mamlakatlarga viza talablarini kuchaytirishi mumkin

foto: AP

AQSh hukumati bir oydan so‘ng, aksar aholisi musulmonlarni tashkil etuvchi qator mamlakatlarga viza talablarini kuchaytirishni rad etmayapti. AQSh milliy xavfsizlik vazirligi tarqatgan yozma bayonotda shu haqda so‘z yuritilgan. 

Mazkur hujjatga ko‘ra, bu AQShga kirish bo‘yicha vaqtinchalik taqiq xususida bir necha marotaba so‘z yuritilgan 7 mamlakat: Eron, Iroq, Suriya, Yaman, Somali, Sudan va Liviya fuqarolariga tegishlidir. "Boshqa biror mamlakat bu taqiqqa duch kelgani yo‘q", - deya uqdiradi MXV. Bundan tashqari, ta'kidlanishicha, "ushbu bosqichda, soxta xabarlarga zid o‘laroq", Vashington ro‘yxatni kengaytirishni rejalashtirayotgani yo‘q. 

Bayonotda aytilishicha, hozirda, MXV, davlat departamenti va milliy razvedka direktori apparati Eron, Iroq, Suriya, Yaman, Somali, Sudan va Liviya hukumatlari Amerika vizasini olmoqchi bo‘lgan fuqarolari xususida yetarli ma'lumot berayaptimi-yo‘qmi, shu masalaga oydinlik kiritmoqda. Bu tekshiruv natijasi AQSh prezidenti Donald Trampga taqdim etiladi. 

"Ushbu hisobotga tayangan holda, AQSh davlat departamenti yuqorida nomi tilga olingan 7 mamlakatning o‘z fuqarolari haqida to‘liq ma'lumot taqdim etmayotgani aniqlangan hukumatlaridan 60 kunlik muddat ichida shunday axborotlarni taqdim etishni boshlash so‘raladi", - deyiladi MXV bayonotida. 

AQSh milliy xavfsizlik vaziri Jon Kellining matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, 7 mamlakat fuqarolaridan AQSh vizasini olishda anketalarni to‘ldirish chog‘ida turli qo‘shimcha punktlarga javob berish talab etilishi mumkin. 

"Kimdir viza olish uchun kelsa, undan qanaqa saytlarga kirishi so‘ralishi mumkin. Gap, shuningdek, nomzodlarning qanday insonlar bilan muloqotda bo‘layotganiga oydinlik kiritish maqsadida viza olishga da'vogarning telefon aloqalari xususida ham borishi mumkin", - degan Kelli. 

Kelgusida, Kellining qo‘shimcha qilishicha, ushbu mamlakatlar fuqarolari vizaga murojaat qilganda, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi ham e'tibordan chetda qolmaydi. 

Top