19:08 / 04.02.2017
15540

Babayan terma jamoaning o‘rtoqlik o‘yinlari, «Lokomotiv», Masharipov, Odil Ahmedov va boshqalar haqida gapirdi

Foto: O‘FF matbuot xizmati

Interfutbol nashri O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayandan intervyu oldi. Murabbiy suhbat davomida o‘z falsafasi bilan o‘rtoqlashgan. U Tamoyillar, talablar, prinsiplar, shuningdek, agressiv, vertikal va intellektual futbol haqida gapirgan. Quyida ushbu intervyu to‘liq holda keltiriladi.

Tez orada O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun mas'uliyatli davr boshlanadi. Samvel Babayan shogirdlari JCh-2018 3-saralash bosqichi doirasidagi guruhning hal qiluvchi ikkinchi davra uchrashuvlariga kirishadilar.

2017 yil hisobidan dastlabki rasmiy o‘yin 23 martga belgilangan. Shu kuni terma jamoa Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida eng yaqin ta'qibchisi Suriya mehmoni bo‘ladi. Mazkur o‘yin guruh bosqichining 6-turi doirasida o‘tkaziladi. Hozircha guruhda Samvel Babayan shogirdlari 9 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi.

Peshqadam Eronda 11, 2-o‘rindagi Janubiy Koreyada 10 ochko mavjud. Terma jamoa bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Dastlabki yig‘in 21-24 yanvar kunlari Dubay shahrida tashkil etildi. Yig‘in doirasida Daniya yoshlari hamda Gruziya milliy jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazildi. 9-14 fevral kunlari esa ikkinchi xorij yig‘ini Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadi.

- Samvel Vyacheslavovich, avvalo, siz bilan uchrashib turganimizdan xursandmiz. Ochig‘i, bu suhbatning uyushtirilishini anchadan beri kutayotgandik. Yo‘q demaganingiz uchun rahmat. Albatta, muxlislar va mutaxassislarda ham savollar yig‘ilib qolgandi.

- Ha, haqiqatan ham matbuot va muxlislar bilan kam muloqotga kirishamiz. Tan olaman, bu mening aybim. Terma jamoa haqida ko‘p yozishyapti, tanqid qilishyapti. Lekin deyarli hech bir fikr chuqur tahlil natijasida aytilmayapti. Shu holat meni biroz ranjitmoqda. Balki jurnalistlar bilan kam muloqot qilishim ham bunga sababdir. Boshqa tomondan buning o‘ziga yarasha sabablari ham bor. Yordamchilarim bilan o‘yinlarni, futbolchilarning xatti-harakatlarini doimiy ravishda tahlil qilamiz. Bevosita safarlarga ko‘p boraman. Shu sababli ham bo‘sh vaqt deyarli qolmaydi. E'tibor bersangiz, bugunga kelib JCh saralash bahslarida o‘tkinchi o‘yinning o‘zi qolmadi. Autsayder deb qaralgan jamoalar ham kuchli raqiblaridan ochko tortib olishyapti. Har bir o‘yin - bu alohida tarix va yashab o‘tilgan umr. Endi ana shu shiddatli zamon futbolida bizning o‘zimizga yarasha tanlagan yo‘limiz, futbol falsafamiz bor. U nimalarni o‘z ichiga oladi? Biz tanlagan futbolning birinchi tamoyili - agressiv, ya'ni tajovuzkor, shuningdek, tezkor, vertikal, hujumkor hamda pressingga asoslangan futbol namoyishidan iborat. Ikkinchi tamoyil - yuqori intellektual futbol. Uning ichiga o‘yinni tashkil qilish, futbolchilarning bir-birini yuqori darajada tushunishi, o‘yinning borishiga qarab taktikalarni o‘zgartirish kiradi. Uchinchi tamoyil - milliy terma jamoa manfaati. Ya'ni, futbolchi o‘z klubi bilan har qanday katta shartnomaga ega bo‘lmasin, terma jamoa yig‘ini va o‘yiniga kelganda uning manfaatlarini ustun qo‘yishi shart. Klub manfaati hech qachon termadan ustun bo‘lmasligi kerak. Va nihoyat, to‘rtinchi tamoyil, ya'ni talab bu - insoniy sifatlar. Bu faqat futbolchilarga taalluqli talab emas. Terma jamoa lageriga qadam bosgan har bir inson bu talab va majburiyatlarga qat'iy tarzda amal qilishi shart. Terma jamoa - bu bir oila. Ha, futbolchilar va yordamchilarimga kezi kelganda jiddiy tarzda tanbeh beraman. Lekin bu so‘zlar hech kim ranjimaydi. Yuqoridagi dastlabki uchta talabga javob bersa-yu, so‘nggisiga mos kelmasa, biz unday futbolchidan voz kechamiz. Bu oilaning talablari shunday jiddiy. Keyin men futbolchilarning ayni paytdagi holati bilan hisoblashaman. Bilasizmi, shunday vaziyatlar ham bo‘ladiki, futbolchi o‘z klubida yaxshi o‘yin namoyish etmasligi mumkin. Lekin terma jamoada aksincha. Bunga Marat Bikmayevni misol tariqasida keltirishim mumkin. U termaning ilgari surilgan barcha talablariga javob beradi. Ikkita o‘yinda termamizning o‘ta muhim gollarini urdi. Aksincha holat ham bo‘ldi. Aniqrog‘i, futbolchi klub manfaatini termadan yuqori qo‘ygan. Biz 3ta muhim qadamni tashladik. Afsuski, ikki uchrashuvda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdik. Eron va J.Koreyaga qarshi kechgan uchrashuvlarda durang adolatli natija bo‘lardi. Lekin bu o‘yinlarda omadimiz kelmadi. Raqib jamoaning mahorati va tajribasi ijobiy natija ko‘rsatishimizga to‘sqinlik qildi. Kuchlilar kichik xatoni ham kechirmaydi. J.Koreya termasi bilan o‘yinni bir necha marotaba tahlil qildim. Umumiy o‘yin bo‘yicha yigitlarga jiddiy e'tiroz yo‘q. Faqat ayrim vaziyatlarda konsentratsiyani yo‘qotib qo‘yishdi. Maqsadimiz to‘xtab qolmay, oldinga intilish. Bizni Suriyaga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi. Raqib juda ham kuchli. O‘z maydonida Eron va Koreyadan ochko tortib oldi. Suriyani saralash bosqichida o‘tkazgan o‘yinlari orqali o‘rganyapmiz.

- Dubayda o‘tkazilgan yig‘indan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Birinchi navbatda, ushbu yig‘inni tashkil etib bergan O‘FFga rahmat. Shuningdek, parallel ravishda o‘z yig‘inlarini o‘tkazayotgan klublarga o‘z futbolchilarini terma jamoa ixtiyoriga qo‘yib yuborganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman. O‘z o‘rnida biz ham klublar manfaatini himoya qilishga intilyapmiz. Misol uchun, OChL o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rayotgan «Lokomotiv»ga yordam berish maqsadida terma jamoa rejalariga o‘zgartirish kiritdik. Turkiyadagi yig‘inimiz chog‘ida asosiy o‘yin hisoblangan «Amkar»ga qarshi uchrashuvni 12 fevraldan 10-sanaga ko‘chirdik. Ko‘rpani hamma o‘z tomoniga tortaversa, yaxshi emas. O‘zbek futboli uchun OChL ham muhim.

- Turkiyadagi yig‘in haqida ma'lumot bersangiz. Ikkinchi raqib nomiga hali oydinlik kiritilmadimi?

- Rossiyaning «Amkar» klubiga qarshi 10 fevral kuni o‘tkaziladigan o‘rtoqlik o‘yinimizda asosiy tarkib futbolchilari harakat qilishadi. Ikkinchi o‘yinimiz 11 fevralga mo‘ljallanmoqda. Shu kunlarda raqib nomiga oydinlik kiritiladi. Mazkur bahsda «Lokomotiv» futbolchilari ishtirok etishmaydi.

- O‘rtoqlik o‘yini uchun terma jamoa tanlanmagani muammo emasmi?

- Yo‘q. Uch kunlik yig‘in uchun bu normal holat. Hali mazkur yig‘indan tashqari qiladigan ishlarimiz ham ko‘p. Gruziya va Daniya yoshlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarni tahlil qilishimiz kerak. «Amkar» ham kuchsiz raqib emas. Rossiya premer-ligasida 6-o‘rinni egallab turibdi.

- Terma jamoamizning klublar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazayotgani turlicha talqin qilinmoqda. Bu borada sizga ruhiy tomondan oson bo‘lmaydi. Shunday emasmi?

- FIFA kunlaridan tashqarida terma jamoalar bilan o‘yinlar o‘tkazishimiz qiyin. Buni muxlislar to‘g‘ri tushunishlari kerak. Gruziya va «Amkar»ga qarshi o‘yinlarni shaxsiy munosabatlarim tufayli tashkil etishga erishdik. Vays bilan juda yaxshi aloqadamiz. U bilan shaxsan o‘zim telefon orqali gaplashdim. Gruziyani ham bejizga tanlamadik. Ular o‘yin uslublari bo‘yicha Suriya terma jamoasiga o‘xshab ketishadi. Xabaringiz bor, Armaniston bilan o‘yinimiz bekor qilindi. Armanlar rejalarini o‘zgartirib, Turkiyadagi yig‘inlarini Kiprga ko‘chirishdi. Bizning ham Kiprga borishimiz va o‘sha yerda o‘yin o‘tkazishimizni so‘rashdi. Ammo bu bizning rejalarga to‘g‘ri kelmadi.

- BAA yig‘inida ishtirok etgan yangi futbolchilar qanday taassurot qoldirishdi?

- Har bir futbolchining xatti-harakatlari haqidagi to‘liq ma'lumotlar bor. Hali buni tahlil qilamiz. Har qanday holatda ham terma jamoa yig‘inida eng iste'dodli futbolchilar ishtirok etishdi. Ayrim o‘yinchilarimiz bo‘yicha klublarga tegishli ko‘rsatmalarni berdik. Ko‘proq nimalar ustida ishlashini aytdik. Ulardan ayrimlarini Turkiya yig‘iniga ham jalb qilamiz.

- Kuchli chempionat negizida kuchli terma jamoa shakllanadi, deyishadi. Shu ma'noda, bizning oliy ligaga qanday ta'rif bergan bo‘lardingiz?

- Raqobatbardosh klublar bor, lekin yetarli darajada emas. Asosiysi, terma jamoaga nomzod futbolchilar yaxshi klublarda o‘ynashyapti. O‘tgan yili o‘tkazilgan «Lokomotiv»-«Paxtakor», «Paxtakor»-«Bunyodkor» o‘yinlarini men bemalol OChL darajasidagi uchrashuvlar qatoriga qo‘shaman. Ammo bu kam.

- Suriyaga qarshi o‘tkaziladigan o‘yin oldidan tashkil etiladigan yig‘in rejasi tasdiqlandimi?

- 14 yoki 15 mart kuni Toshkentga yig‘ilamiz. Bu yerda terma jamoamiz ikki tarkibga bo‘lingan holda o‘yin o‘tkazadi. 18 mart kuni esa Malayziyaga jo‘nab ketamiz.

- Terma jamoaga u yoki bu futbolchining taklif etilishini bosh murabbiy hal qiladi. Lekin ba'zan futbolchi o‘z shartini qo‘ygan holatlar ham uchrab turar ekan. Bunga munosabatingiz qanday?

- Yuqorida men terma jamoani oilaga qiyosladim. Oila - bu yopiq hudud. Muxlislarning unga kirishga haqqi yo‘q. Ular terma jamoaga muxlislik qilishlari va muvaffaqiyatlaridan xushnud bo‘lishlari lozim. Har bir oilaning o‘ziga yarasha muammolari bor. Ularni ko‘chaga olib chiqib, doston qilish shart emas. Men tanqiddan qo‘rqmayman. Tanqid qilishyaptimi, demak biz ishlayapmiz.

- Eng katta muammolardan biri hujum chizig‘i bo‘lib qolyapti. Asosiy hujumchimiz Igor Sergeyevning gol urmayotgani barchamizni tashvishga solyapti. Bu muammoni qanday hal qilmoqchisiz?

- Hujum chizig‘ida tajribali futbolchilarga egamiz. Sergeyevdan tashqari, Aleksandr Geynrix, Marat Bikmayev va Eldor Shomurodovni aytishim mumkin. Shu bois, hujumda katta muammolar bor, demagan bo‘lardim. Igorga kelsak, u mening iltimosimga binoan «Paxtakor»ga qaytdi. Sababi, uni oldingi holatiga qaytarishimiz lozim. Sergeyevga hozir ham xorij klublaridan yaxshigina takliflar bo‘lgandi. Shunga qaramay, u «Paxtakor»ga qaytishga qaror qildi. Sergeyev o‘z ustida tinmay ishlayapti. Ishonchim komil, Igor avvalgi sport formasini tiklab, yana gol ura boshlaydi. Uning o‘sayotganini ko‘ryapman. Xitoyda o‘ynab yurgan kezlari ham ikkita ajoyib gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

- Terma jamoaga nomzod yarim himoyachi Jaloliddin Masharipovning «Paxtakor»dan «Lokomotiv»ga o‘tishiga qanday munosabat bildirasiz?

- Bu faqat terma jamoa manfaati uchun xizmat qiladi. Boisi, u «Lokomotiv» bilan OChL o‘yinlarida maydonga tushib, tajribasini yanada oshiradi.

- Odil Ahmedov Xitoy klubiga ko‘chib o‘tdi. Bu terma jamoa sardori tomonidan qabul qilingan to‘g‘ri qaror bo‘ldimi?

- Xitoy chempionati bugungi kunda Osiyoning eng kuchli ligasiga aylandi, desam xato bo‘lmaydi. Chin yurti jamoalari ko‘zga ko‘ringan yulduz futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olyapti. Bunday raqobatda Odil yanada kuchli bo‘ladi. Shularni inobatga olib, Ahmedovning qarorini qo‘llab-quvvatlayman.

- Server Jyeparovda muammolar paydo bo‘libdi. Bu haqda eshitdingizmi?

- Serverning o‘zi bilan gaplashdim. Muammolar bartaraf etildi. U Eron birinchiligida o‘ynaydi. Ushbu mamlakat chempionati ham kuchli hisoblanadi.

- JCh-2018 3-saralash bosqichining o‘tgan yilgi Toshkentda o‘tkazilgan o‘yinlaridan so‘ng futbolchilarimiz bilan suhbatlashganimizda, ularning aksariyati «Bunyodkor» stadioni maydonining qattiqligidan shikoyat qilishgandi. Shuni inobatga olgan holda uy uchrashuvlarini «Paxtakor»da o‘tkazishning iloji yo‘qmi?

- Termamiz «Bunyodkor» va «Paxtakor» stadionlarida uy uchrashuvlarini qabul qilish huquqiga ega. Rahbariyat «Bunyodkor» arenasida o‘yinlarni o‘tkazishimizni lozim topdi. Bu superzamonaviy stadion. Hozirda eng kuchli mutaxassislar maydonning holatini yanada yaxshilash uchun jalb etilgan. Shu jumladan, «Paxtakor» stadioni mutaxassislari ham. O‘ylaymanki, o‘yin kuniga qadar maydon holati ideal ko‘rinishga keltiriladi.

- Shu kungacha Toshkentda Eron va Koreyani mag‘lub eta olmadik. G‘alabaning kaliti bormi? Balki sizning murabbiylik davringizda bu noxush an'anaga chek qo‘yilar?

- Raqib jamoa tarkibidagi futbolchilarning mahoratini ham tan olish kerak. Bu ikki terma bilan o‘yinlarda yo‘l qo‘yilgan xatolarni boshqalar kechirishi mumkin edi, faqat Eron va Koreya emas. Kichik xato qimmatga tushadi. «Borussiya» D. va «Augsburg» klubi futbolchilari indiviudal harakatlari evaziga Koreyaga muhim g‘alabani taqdim etishdi. Tan olish kerak, bizda o‘sha daraja va saviyadagi o‘yinchilar yo‘q. Lekin o‘yinni tashkil qilish bo‘yicha biz nomdor raqiblarga yutqazmadik.

- Eron va Koreya termalari tarkibida zaxiradan maydonga tushib, o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchilar bor. Ushbu masalada raqib jamoa murabbiylariga oson. Lekin biz bu borada maqtana olmaymiz. Fikrimga qo‘shilasizmi?

- Yuz foiz qo‘shilaman. Hozir terma jamoa darajasidagi 13 yoki 14 nafar futbolchiga egamiz. Qolganlar deyarli bir xil saviyadagi o‘yinchilar. Buni ham tan olish kerak. Qolaversa, biz o‘tgan yili o‘tkazilgan uchrashuvlarning hech birida optimal tarkib bilan o‘ynamadik. Eron bilan muhim bahsda Odil Ahmedov maydonga tushmadi. Janubiy Koreyaga qarshi kechgan uchrashuvda bizga suv va havodek zarur bo‘lgan Jyeparov va Haydarovning xizmatlaridan foydalana olmadik. O‘sha o‘yinda aynan maydon markazida to‘pni nazorat qilishimiz talab etilgandi. O‘ylaymanki, saralashning qolgan 5ta uchrashuvida bunday muammolar bizni chetlab o‘tadi.

Top