16:04 / 04.02.2017
7160

Konte-Venger to‘qnashuvi va APL 24-turining boshqa uchrashuvlari anonsi

4 fevral, shanba kuni Angliya premer-ligasining 24-tur uchrashuvlariga start beriladi. Tribuna.Uz Yevropaning eng kuchli chempionatlaridan biri anonsi bilan tanishtirib o‘tdi.

CheLSI — ARSeNAL (4 fevral, Toshkent vaqti bilan – 17:30, Translyatsiya: UzReport, Match! Futbol 1)

Bo‘lajak London derbisi barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda 189-marta ikki jamoaning o‘zaro to‘qnashuviga aylanadi. Hozircha bu o‘yinlarda «Arsenal» ustunlikka ega 73 g‘alaba, 54 durang, 61 marta «Chelsi» g‘alabasi.

Angliya premer-ligasi tashkil etilganidan buyon esa bu ikki jamoa o‘zaro 50-yubiley uchrashuvi bo‘ladi. Hozirgacha o‘tkazilgan 49 uchrashuvning 16tasida «Chelsi» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 19 marta «Arsenal»ning qo‘li baland kelgan, 14 uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan. «Chelsi» «Arsenal»ga qarshi o‘z uyida o‘tkazgan 4ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan. Joriy mavsumning birinchi davrasidagi uchrashuvda esa hali Konte jamoasi bugungi dahshatli formasiga kirib olmagandi va bundan «Arsenal» unumli foydalanib, 3:0 hisobida g‘alaba qozongan. Bu ikki jamoaning premer-liga doirasidagi so‘nggi 10ta uchrashuvidagi «Arsenal»ning yagona g‘alabasi sanaladi.

Konte jamoasida aytarli hech qanday yo‘qotishlar yo‘q. Jamoa so‘nggi uchrashuvlarda maydonga deyarli o‘zgarishsiz tushayotgan tarkibidan to‘liq foydalanishi kutilmoqda. Ammo «kanonirlar» haqida bunday deb bo‘lmaydi. O‘tgan haftada Aaron Remzi kamida bir oyga safdan chiqqani ma'lum bo‘ldi. Granit Chaka diskvalifikatsiya muddatini o‘tashda davom etadi. Muhammad en-Neni esa jamoa bilan Afrika kubogi finaliga yo‘llanma oldi va kurashni davom ettirmoqda. Santi Kasorla esa anchadan buyon maydonga tusha olmayapti. Londonliklar hech bo‘lmasa, Oksleyd-Chemberlen va Jiruning maydonga tushishidan umid qilishmoqda. Bugungi fitnes-test natijalaridan keyin ularning maydonga tushish-tushmasligi aniq bo‘ladi.

VeST BROMVICh — STOK SITI (20:00)

«Xotorns»da turnir jadvalining yuqori o‘rinlari uchun kurashadigan jamoa shakllandi. O‘z vaqtida yaxshiroq futbl ko‘rsatish maqsadida «Stok» Toni Pyulis xizmatidan voz kechgandi, ammo hozirda uelslik mutaxassis «Vest Bromvich» bilan qanday samarali futbol ko‘rsata olishi mumkinligini ko‘rsatib bermoqda. Premer-liga doirasidagi ikki jamoaning so‘nggi to‘rtta uchrashuvida «VBA» raqiblarini uch marta mag‘lub etgan va bir marotaba durang o‘ynagan.

Ketma-ket to‘rtta uchrashuvdan buyon «Vest Bromvich» himoyachisi Jonni Evans oyog‘idan olgan jarohati sabab o‘yinlarini o‘tkazib yubormoqda. Mark Uilson esa yangi jamoasida debyut qilishga tayyor bo‘lib turibdi. «Stok» tarkibida Jyeff Kemeron va Jonatan Uoltersdan tashqari, katta ehtimol bilan Glen Jonson va Jyerdan Shaqirining ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Ammo uchrashuvning eng ahamiyatli tomoni, «Vest Bromvich» sobiq futbolchisi Seydo Berahino yangi jamoasi safida oldingi jamoasiga qarshi uchrashuvda debyut qilishi mumkin bo‘ladi.

UOTFORD — BYoRNLI (20:00)

So‘nggi vaqtlarda «Uotford» osmonida qora bulutlar uchib yurgandek taassurotlar paydo bo‘lgandi. Ammo, Angliya Kubogida quyi liga vakili «Milluoll»dan uchralgan mag‘lubiyatga qaramay, jamoa premer-liganing o‘tgan turida «Arsenal»ga qarshi uchrashuvda, mehmonda g‘alaba qozonib qahramonlik ko‘rsatgandi. Endi Valter Matstsarri shogirdlari ushbu muvaffaqiyat yo‘lini ushlab qolishi kerak bo‘ladi. Raqib mehmonda o‘ta yomon o‘yin ko‘rsatadigan «Byornli» bo‘lib, jamoa hozirgacha safar uchrashuvlarida bor-yo‘g‘i bir ochko jamg‘argan va to‘rttagina gol kiritgan. Biroq, ikki jamoaning premer-ligadagi so‘nggi 9 uchrashuvida «Byornli» bir marta unda ham 2012 yilda mag‘lubiyatga uchragan.

Diskvalifikatsiyadan keyin «Uotford» safida Xose Xolebas safga qaytadi. Mauro Sarate yangi klubida debyut qilishga tayyor. Kristian Kabasele va Nordin Amrabat jarohat olgan. «Bernli» safida Robbi Breydi va Eshli Vestvud debyut qilishi mumkin. Stiven Defur esa jarohati sabab maydonga tusha olmaydi.

SAUTHeMPTON — VeST HEM (20:00)

«Sauthempton» 33 yoshli himoyachisi Joze Fonteni «Vest Hem»ga sotib yuborgach, boshqa muammoga duch keldi. Yetakchi himoyachi Virgil Van Deykning jarohati muhim o‘yinlar oldidan jamoani qiyin ahvolda qoldirdi. Premer-liga doirasidagi so‘nggi yetti uchrashuvda «Sauthempton»ga mehmon bo‘lganida «bolg‘aura

rlar» birorta ham g‘alabani qo‘lga kiritishmagan. Bugun jamoa shu an'anaga barham berishga harakat qilib ko‘radi.

Yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek «Sauthempton» yetakchisi Virgil Van Deyk uch oygacha maydonga qayta olmaydi. Ammo Jyeyms Uord-Prouz va Jyey Rodrigeslar to‘liq tiklanib bo‘lishgan. Manolo Gabbyadini jamoada debyut qilishga tayyor bo‘lib turibdi. «Vest Hem» hamon Afrika kubogida ishtirokini davom ettirayotgan Andre Ayyu xizmatidan foydalana olmayapti, ammo Sheyx Kuyate jamoa qarorgohiga qaytib kelishga ulgurgan. Faqatgina Sem Bayramning sonidan olgan kichik jarohati uning o‘yinda ishtirok etishini so‘roq ostida qoldirmoqda.

HALL SITI — LIVeRPUL (20:00, Match! Futbol 1)

«Manchester Yunayted» uyida qahramonlik ko‘rsatgan «Hall» turnir jadvalida so‘nggi pog‘onadan ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi. Endi jamoa oldida yana bir murakkab uchrashuv kutib turibdi. «Liverpul» so‘nggi oyda fantastik tarzda omadsiz davrni o‘tkazdi. Autsayderlar bilan ochko bo‘lishib olindi. Ammo «qizillar» «Hall» bilan birinchi uchrashuvda o‘ta ishonchli o‘yin ko‘rsatishgan va 5:1 hisobida g‘alab qozongandi.

Qishki transferlar vaqtida «Hall» o‘z safini Alfred N'Diayye va Kamil Grositski bilan to‘ldirdi. Dyumersi Mbokani Afrika Kubogidan qaytib keldi. Ammo Lazar Markovich ijara shartnomasiga muvofiq bu uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopp esa nihoyat ixtiyoridagi barcha futbolchi xizmatidan foydalanishi mumkin. 2 yanvardan buyon Sado Mane ilk marta maydonga tushishi kutilmoqda.

EVeRTON — BORNMUT (20:00)

«Everton» 19 dekabrdan buyon mag‘lubiyatga uchramayapti. «Bornmut» esa aksincha o‘zining muvaffaqiyatsiz davrini o‘tkazmoqda, jamoa APLning so‘nggi 7 uchrashuvida jamoa faqatgina bitta g‘alaba qozongan. Sentyabrda ikki jamoaning birinchi davradagi to‘qnashuvida «Bornmut» o‘z tarixida birinchi marta, yettinchi urinishda liverpulliklarni mag‘lub etishni uddalagandi. O‘shanda Junior Stanislasning yagona darvozaga bergan to‘g‘ri zarbasi Xou jamoasiga uch ochko keltirgandi.

«Everton» yarimhimoyachisi Idrissa Guyye Afrika Kubogidan qaytib keldi. Muhammad Beshich va Yannik Bolazi esa jamoa lazaretida qolmoqda. «Bornmut» hujumchisi Kallum Uilson bu mavsumda boshqa maydonga tusha olmasligi aniq bo‘ldi. Shuningdek Charli Deniels ham jarohat olgan.

KRISTAL PELAS — SANDeRLeND 20:00

Sem Ellardays joriy mavsumni «Sanderlend»ni chempionatga tayyorlash bilan boshlab,  keyin Angliya terma jamoasida bitta uchrashuv o‘tkazib, «Kristal Pelas»da paydo bo‘ldi. Hozircha «Sanderlend» juda yomon o‘yin ko‘rsatmoqda. O‘tgan turda jamoa «Tottenhem»dan ochko tortib olishga muvaffaq bo‘lgan esada, so‘nggi o‘rindan chiqib ketishni uddalay olmadi. Ammo jamoalarning «Selhyorst Park»dagi so‘nggi ikki o‘yinida mehmonlar, ya'ni «Sanderlend» vakillari g‘alaba qozonib qaytishgan.

Mamadu Sako yangi jamoasida debyut qilishini kutish qiyin, sababi uzoq muddatlik tanaffusdan keyin, jismoniy holatini tiklash bilan band. Shuningdek Luka Milivoyevich ham maydonga tushishga tayyor emas, Jyeff Shlupp va Bakari Sako jarohat olgan. «Sanderlend» «Everton»dan sotib olgan Brayan Ovedo va Darron Gibsonni maydonga tushirishi kutilmoqda. Papi Jilobodji diskvalifikatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan.

TOTTeNHEM — MIDLSBRO 22:30 (Match! Futbol 1)

Seshanba kuni «Tottenhem» «Sanderlend» uyida ochko yo‘qotib (0:0) endi yana o‘ziga kelib olishi kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, «shporlar»ga bu uchrashuvda qiyin bo‘lishi tayin — mehmondagi uchrashuvlarda «Chelsi» va «Tottenhem»gina «Midlsbro»dan kamroq gol o‘tkazgan. Memhondagi uchrashuvlarda Aytor Karanka yaxshi himoyaviy jamoani maydonga olib chiqmoqda. Ammo barcha musobaqalarni qo‘shib aytganda «Uayt Hart Leyn»dagi so‘nggi 8 uchrashuvda «Midlsbro» biror marta ham g‘alaba qozona olmagan, besh marta mag‘lubiyatga uchragan.

«Tottenhem» himoyachilari Danni Rouz va Yan Vertongen jarohat olib safdan chiqqan. Shuningdek, Kiran Tripper va Jorj-Kevin Nkudu ham bu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. «Midlsbro» hamon Jorj Frend va Gaston Ramiressiz o‘ynashiga to‘g‘ri kelmoqda. Kalum Chembersning o‘ynashi so‘roq ostida. Adlen Gediura yangi jamoasida debyut qilishga tayyor.

MANCheSTeR SITI – SUONSI (5 fevral, 18:30, UzReport, Match! Futbol 1)

«Manchester Siti» so‘nggi o‘yinlarda bir tekisda, barqaror futbol ko‘rsatishni uddalay olmayapti. Jamoa kubokni ham qo‘sh

ib hisoblaganda so‘nggi ikki uchrashuvda yirik hisobda g‘alaba qozonib, barqaror futbol ko‘rsatishni boshlagandek ko‘rinmoqda. Buning uchun yakshanba kungi uchrashuvda ham jamoa buni isbotlashi kerak bo‘ladi.

«Suonsi» yangi bosh murabbiy boshchiligida APLning so‘nggi to‘rt uchrashuvning uchtasida, ketma-ket ikki uchrashuvida g‘alaba qozondi. «Liverpul» uyidagi qahramonlik alohida e'tirofga loyiq. Ammo Gvardiola jamoasi joriy mavsumda o‘z uyida faqatgina bir marotaba mag‘lubiyatga uchragan. «Suonsi» Manchesterga yetti marta mehmon bo‘lgan bo‘lsa, ularning barchasida mag‘lubiyatga uchragan. Umuman bu ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yinlarda «Suonsi» so‘nggi marta 2012 yilning martida g‘alaba qozongan.

«Manchester Siti» tarkibida barcha asosiy futbolchilar maydonga tushishi mumkin bo‘ladi. «Suonsi»da ham hozircha muammolar ko‘zga tashlanmayapti.

LeSTeR – MANCheSTeR YuNAYTeD (5 fevral, 21:00, UzReport, Match! Futbol 1)

APL ikki hozircha omadsiz jamoalari uchrashuvi oldidan «Lester»  so‘nggi to‘rtta uchrashuvdan buyon g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Natijada Raneri jamoasi AL turnir jadvalida 16 o‘ringa tushib qoldi va xavfli zonadan bor-yo‘g‘i 2 ochko oldinda bormoqda. So‘nggi uchta mag‘lubiyatda «tulkilar» umumiy hisobda 0:7 natijasini qayd etishdi

«Manchester Yunayted» ham hozircha muvaffaqiyatsiz davrni o‘tkazmoqda. Premer-liga doirasidagi so‘nggi uchta uchrashuvdan buyon jamoa g‘alaba qozona olgani yo‘q. Mana bir necha oydirki jamoa 6-o‘rindan qimirlay olmay kelmoqda. Ikki jamoaning o‘zaro o‘yinlarida «Yunayted» so‘nggi marta mehmonda 2003 yilda g‘alaba qozongan. «Lester»ning o‘z uyidagi so‘nggi g‘alabasiga tez orada uch yil to‘ladi.

Top