11:59 / 05.02.2017
40987

Samarali va samarasiz xodimni qanday farqlash mumkin?

Idoradan hammadan oxiri ketib, uyda ham ishdagi vazifalaringizni bajarishda davom etsangiz, o‘zingizni supersamarali xodim deb hisoblamasangiz ham bo‘ladi. Aksincha! Ishbilarmon va strategiya direktori Maksim Yurin nima uchun rejadan ko‘p ishlash xodimning namunali ekanligidan dalolat bermasligiga izoh beradi. "Layfxaker" shu haqidagi maqola bilan bo‘lishdi.

Siz juda ko‘p va qattiq ishlaysizmi? Ko‘pincha kechgacha ishxonada qolib ketasizmi? Dam olish kunlariga ham qo‘shimcha ish olasizmi? Yaqinda bir boshli bo‘limning ishini qahramonlarcha tugatib berdingizmi? Sizning vazifalaringizni yaxshiroq bajaradigan odamni topish qiyin bo‘lgani bois hamma ishni o‘zingiz bajarishingizga to‘g‘ri keladimi?

Tabriklaymiz, siz samarasiz ishchisiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda lentada ko‘pincha rejadan ko‘p ishlash, eksklyuzivlik,  betakrorlik, uch yillab mehnat ta'tiliga chiqmaslik va shu kabi qahramonliklar to‘g‘risidagi postlarni kuzataman.

Bunday postlar mualliflarini ularning nihoyatda samarali va qoyilmaqom ekanliklariga bo‘lgan qat'iy ishonch birlashtirib turadi. Atrofdagilar esa dangasa va o‘rtacha ishchilar: axir ular ish kunlarini belgilangan vaqtdan atigi yarim soat keyin tugatishadi, ba'zan esa umuman o‘sha vaqtning o‘zida ketishadi, vazifalarini esa boshqalarga yuklashadi!

Bir qarashda hammasi ajoyibdek: xodim boshqalardan ko‘p ish bajaradi, o‘z ishi uchun kuyinadi, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi - mo‘'jiza!

Biroq bu mo‘'jiza emas. Nima uchun deysizmi?

1. Bunday ish tempiga uzoq vaqt amal qilish qiyin, faqat sanoqli odamlargina buning uddasidan chiqishadi. Qolgan 99 foizi esa kuyib ketadi. Odatda bir necha oydan so‘ng uzilishlar boshlanadi: ishchi o‘z faoliyat sohasidagi pozitsiyasidan / rahbardan/ qoniqmaydi, "fojiaviy" iste'foga chiqish, o‘zlikni izlash, "men yoga bilan shug‘ullanish uchun Goaga ketdim" va h.k.

2. Bunday inson (ayniqsa u top pozitsiyada bo‘lsa) o‘zining  atrofidagi barcha odamlar - xodimlari, pudratchilari, agentliklar, kotiba, oila a'zolarini soxta samaradorlikka choralaydi. Hamma rejadan ko‘p ishlash va barchasiga ulgurishga harakat qilib, o‘zini o‘qqa-cho‘qqa ura boshlaydi. Keragidan ortiqcha ishni o‘z zimmalariga olishadi. Birovlarning ishini ham bajarishadi. Axir atrofdagilar ham "supersamarali boshliq"qa o‘xshashga, uning talablariga javob berishga harakat qiladi. Natijada kompaniyada tartibga solib bo‘lmaydigan xaos, ziddiyatlar sodir bo‘lib, nosog‘lom muhit hukmron bo‘ladi.

3. Bunday kishilarning rahbarlariga ham oson bo‘lmaydi. Xodimlardan biri belgilangan qoidalar doirasidan chiqsa, ko‘pincha uning uchun maxsus sharoitlar yaratishga va unga bo‘lgan alohida munosabatini shu tariqa ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. Masalan, kamchiliklarini kechirish, u o‘tgan hafta ishdan 22:00dan erta ketgani yo‘q, axir. Bularning barchasi xaosga olib keladi.

O‘rtacha va uzoq muddatli istiqbolda xodimlarning boshqa turi samarali hisoblanadi. Demak, samarali xodim:

  • o‘z ish vaqti va jarayonlarni shunday tashkillashtiradiki, barcha ishlarni belgilangan ish vaqti doirasida bajaradi (shaxsan men bu bir kunda 4-5 soat deb hisoblayman);

  • ish jarayoni va kompaniyadagi ishlar to‘g‘ri tashkillashtirilganmi yoki yo‘q - shu xotirjam o‘ylab olishga vaqt ajaratishadi, ularni yengillashtiradi, yangi g‘oyalar berib, ularni amalda sinab ko‘radi;

  • o‘z fayllari, hujjatlari, jarayonlar, vazifalar va majburiyatlarini bir tizimga soladi, shunda ularni tushunish va keyinchalik boshqalarga topshirish oson kechadi;

  • vazifalarni zimmasiga yuklash mumkin bo‘lgan kishini to‘g‘ri topadi;

  • me'yoriy work-life balance'ga rioya etadi, o‘z xobbisi va shaxsiy hayotiga ega bo‘ladi, ya'ni uning ishdan tashqari boshqa qadriyatlari ham mavjud bo‘ladi;

  • ilk besh punktni bajarishga halaqit berishi mumkin bo‘lgan yangi vazifalarni rad etishadi.

Agar siz ish beruvchi yoki shunday kishining rahbari bo‘lsangiz, uning muvaffaqiyatlari va rejadan ko‘p ishlashidan xursand bo‘lishni bas qiling. Uning shijoatini me'yorga keltirishga va normal ishchi doiraga yo‘naltirishga harakat qiling. Ehtimol, siz hozir uning supersamarali natijalaridan yutarsiz, biroq kelajakda yutqazishingiz muqarrar: kuchsizlik, janjallar, tahdidlar, boshqa xodimlar orasida xaosning yuzaga kelishi...

Agar siz mana shunday "supersamarali" ishchi bo‘lsangiz:

  • birinchidan, maqtanish va nolishni bas qiling;

  • ikkinchidan, bugun uyingizga ertaroq keling, oila a'zolaringiz bilan o‘tirib dildan suhbatlashing;

  • uchinchidan, haqiqatda samarali xodimga xos 6 punktni qayta o‘qib chiqing va inobatga oling.

Top