11:12 / 05.02.2017
48728

“Ozodlik haykali”ning g‘oyasi aslida arab ayoli siymosidan olingani aytildi 

Nyu-York shahrini bezab turgan va asrlar davomida butun dunyodan millionlab muhojirlarni qarshi olgan “Ozodlik haykali”ning g‘oyasi aslida misrlik arab ayoli siymosidan olingan. Bu haqda Yangidunyo.uz sayti yozmoqda.

Nyu-Yorkdagi ushbu mashhur haykalning me'mori Aleksandr Gustav Eyfel hisoblanadi (Parijdagi Eyfel minorasi ham uning ijodi). Haykal Fransiya tomonidan AQShdagi Amerika Inqilobining yuz yilligiga hadya sifatida taqdim etilgan. G‘oya asoschisi Frederik-Avgusto Bartoldi ham fransuz millatiga mansub, ammo haykal uchun ilhomni u Fransiyada emas, Misrda topgan. 

1855 yili Bartoldi ilk bor Misrga tashrif buyuradi va u yerdagi ulkan haykaltaroshlik namunalarini ko‘rib hayratga tushadi.  “Ozodlik haykali: Transatlantik hikoya” asarining muallifi, tarixchi Eduard Berensonning fikriga ko‘ra, Bartoldi XIX asrning 60-yillarida Misrdagi Suvaysh kanalining ochilishiga atab haykal qurishga bel bog‘laydi. G‘oya Usmonli turklarning Misrdagi voliysi Ismoil Poshoga taklif qilinadi. Ozodlik haykali haqida bir necha kitoblar muallifi Barri Morenoning aytishicha, “olov tutib turuvchi u haykal arab dehqon ayolining siymosida 86 fut balandlikka ega bo‘lishi kerak edi”. Shuningdek, arab ayolining ro‘molda bo‘lishi ham ko‘zda tutilgan edi. Berensonning so‘zlariga ko‘ra, “haykal kanalning janubiy qismida joylashishi kerak edi”. Ammo Misr hukmdori Ismoil Posho kanal uchun katta miqdorda mablag‘ kiritgan va haykal loyihasi qimmatga tushishini aytib g‘oyani qabul qilmagan edi. Haykalning ilk nomi esa “Osiyoga nur taratib turuvchi Misr” bo‘lishi kerak edi. 

Keyinchalik, Versal yaqinidagi kechki ovqatda Bartoldi va uning bir qator yuqori martabali do‘stlari Napoleon III’ga qarshi turish haqida suhbatlashib qolishadi. Suhbat asnosida AQShga Amerika Inqilobining 100 yilligi munosabati bilan biror sovg‘a qilish g‘oyasi uyg‘onadi. Shunda Bartoldiga bir fikr kelib qoladi, “Ah! Menda g‘oya bor! Men shu arab ayoli siymosini Amerika Inqilobiga mos tushadigan qilib o‘zgartirishim mumkin”. Shu yo‘sinda dehqon kiyimidagi arab ayoli g‘oyasi asosida AQShga haykal sovg‘a qilishga kelishib olishadi. 

Loyiha AQShga taklif sifatida kiritilganida, uni qadimgi Rimdagi ozod qullar xudosi Libertas, deya tanishtirishadi. Yangi shaklda ro‘mol olib tashlanadi, lekin ayolning ustkiyimi eski holida qoldiriladi. Fransiya nomidan AQShga hadya tariqasida taqdim etilgan, avvalida misrlik muslimani aks etishi ko‘zda tutilgan “Ozodlik haykali” 1886 yili 28 oktabr kuni prezident Gruver Klivlend boshchiligida o‘tkazilgan ochilish marosimida Nyu-York shahrida qad rostlaydi.

Mavzuga oid
Top