12:51 / 06.02.2017
7331

2016 yil Afg‘onistonda necha nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani ma'lum qilindi

2016 yilda Afg‘onistonda mojaro oqibatida halok bo‘lgan yoki jarohat olgan insonlar soni 11,5 ming kishini tashkil etdi. Bu 2009 yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu haqda TOLOnews telekanali Afg‘onistonga ko‘mak berish bo‘yicha BMT Missiyasiga asosan xabar berdi.

O‘tgan yili mojaro oqibatida tinch afg‘onistonliklarning 3,498 nafari halok bo‘lgan va 7,920 nafari jarohat olgan. Oddiy fuqarolar orasida halok bo‘lganlar soni 2 foizga pasaygan bo‘lsa, jarohat olganlar miqdori esa – 2015 yil bilan solishtirganda 6 foizga ortdi.

Shu bilan bir qatorda, BMT Missiyasining ta'kidlashicha, mojaro tufayli jabr ko‘rgan afg‘on bolalari soni 2016 yilda 24 foizga ko‘payib, 3,5 ming nafarni tashkil etdi. Bolalarning qariyb yarmi jangarilar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi jangovar harakatlar oqibatida halok bo‘lgan yoki jarohatlangan, qolganlar esa – portlamay qolib ketgan bombalar portlashi yoki boshqa o‘q-dorilardan jabr ko‘rgan.

Afg‘onistonda IShID tashkilotining qo‘poruvchilik faoliyati tufayli o‘ldirilgan yoki jarohat olgan tinch aholi vakillari soni 2015 yil bilan taqqoslaganda 10 barobarga ortgan. Ular asosan xudkushlar ishtirokidagi teraktlarda hayotdan ko‘z yumishgan. 

“BMT Missiyasi 2016 yilda teraktlardan jabr ko‘rgan tinch aholi vakillari sonining deyarli olti barobarga ko‘payishidan jiddiy tashvishda”, - deya ta'kidlanadi BMT hisobotida.

Top