Putin fevral oyidayoq O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin fevral oyi oxirlarida Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab xorijiy safarini amalga oshiradi. U Tojikiston va Qirg‘izistonga, va ehtimol, Qozog‘iston va O‘zbekistonga ham tashrif buyuradi, deb yozmoqda Rossiya OAV.
Rasmiy Moskva ushbu respublikalarning har biri bilan qalin siyosiy va iqtisodiy aloqalarni saqlab qolishga urinadi, biroq, ular bilan hal qilinmagan masalalar mavjud. Agar Putin to‘rttala mamlakat poytaxtiga tashrif buyursa, bu so‘nggi yillarda Rossiya davlat rahbarining mintaqa bo‘ylab eng yirik safari bo‘ladi.
2016 yil 4 dekabrida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan Shavkat Mirziyoyevni qutlagan Vladimir Putin uni rasmiy tashrif bilan Moskvaga taklif qilgan edi. Davlat rahbarlarining uchrashuvi yaqin ikki-uch oyda bo‘lib o‘tishi kerak, deya ma'lum qilgan Kreml ma'muriyati, biroq, aynan qayerda bo‘lishiga oydinlik kiritmagan. Shunga ko‘ra, birinchi bo‘lib Putin mehmon bo‘lishi ham mumkin.
«Har qanday davlatning birinchi xorijiy safari o‘sha mamlakatning xalqaro maydondagi asosiy siyosatining yo‘nalishini belgilab beruvchi o‘ziga xos timsol sifatida baholanadi. Prezidentlik kampaniyasi chog‘idayoq O‘zbekistonning yangi davlat rahbari ilk xorijiy safarini qaysi mamlakatga amalga oshirishi muhokamalar mavzusi bo‘lgan edi», — deydi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining Markaziy Osiyo, Kavkaz va Ural-Volgabo‘yi mintaqalarini o‘rganish markazining ilmiy xodimi Stanislav Pritchin.
Boshqa tomondan, Pritchinga ko‘ra, Rossiya davlat rahbari Dushanbe va Bishkekka kelar ekan, Toshkentga ham kirib o‘tishi mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. «Agar Mirziyoyevning yaqin orada Moskva tashrifiga doir kelishuv bo‘lmasa, — deydi ekspert, — ikki mamlakat rahbarlarining keng qamrovli suhbati, qisqa muddatli tashrifdan ko‘ra maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqaro hamkorlikda ikki tomonlama munosabatlarga asosiy e'tibor qaratmoqda. Shunga ko‘ra, prezidentlarning o‘zaro muloqotiga ko‘p narsa bog‘liq».
Rossiya-O‘zbekiston hamkorligining kun tartibidagi asosiy masalalardan biri — harbiy-texnik hamkorlikdir. Toshkent qo‘shni Afg‘onistondan kelib chiqayotgan tahdidga nisbatan samarali qarshi turishni xohlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yil noyabr oyida O‘zbekiston va Rossiya 2017 yilgi harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishga doir shartnomani imzoladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Qurolli kuchlarini Rossiyaning zamonaviy qurol-yarog‘lari va harbiy texnikalari bilan qayta jihozlash bo‘yicha 2020 yilgacha bo‘lgan dastur amalga oshirilmoqda.
Mavzuga oid
17:53 / 23.11.2024
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33 / 23.11.2024
Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
12:21 / 23.11.2024
Putin: Rossiya jangda «Oreshnik» raketasini sinovdan o‘tkazishda davom etadi
23:44 / 22.11.2024