Jahon | 13:06 / 06.02.2017
14297
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda prezident o‘g‘lining Dushanbe hokimi etib tayinlanishi qonuniy deb ataldi

Foto: AP

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning 29 yoshli o‘g‘li Rustam Imomalini Dushanbe hokimi etib tayinlanishida mamlakat qonunchiligi buzilmagan. Bu haqda jurnalistlarga respublika davlat xizmati bo‘yicha agentligi rahbari Juma Davlatov ma'lum qildi.

Tojikiston prezidentining katta o‘g‘li Dushanbe hokimi etib 12 yanvar kuni tayinlandi. U bu lavozimda Mahmudsaid Ubaydullayevni almashtirdi. Avvalroq Rustam Imomali Tojikiston bojxona qo‘mitasi va korrupsiyaga qarshi mahkamasi rahbari bo‘lib ishlagan.

"Rustam Imomalini poytaxt rahbari etib tayinlanishida mamlakat qonunchiligi buzilmagan. Bu Tojikistonda bir necha yillardan beri olib borilayotgan davlat tuzilmalariga yosh kadrlarni jalb etish bo‘yicha siyosatning davomidir", - dedi Davlatov. Uning ta'kidlashicha, "prezident farzandlariga davlat tuzilmalarida yuqori lavozimlarni egallashni hech kim taqiqlay olmaydi".

Shuningdek agentlik rahbarining xabar berishicha, Tojikiston shahar va tuman raislari o‘z majburiyatlarini bajarish bo‘yicha respublika bosh vaziriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadi.

Uning eslatishicha, Rustam Imomalida – mahalliy va xorijiy oliy ta'lim muassasalarini bitirganlikdan dalolat beruvchi uchta diplom bor.

"U lavozimidagi ilk kunlaridayoq barcha majburiyatlarini yaxshi uddalay olishini ko‘rsatib berdi. Uning moliyaviy nazorat va korrupsiya bilan kurash agentligi rahbari sifatidagi ishiga ham hech qanday savollar bo‘lishi mumkin emas", - deya xulosa qilgan Davlatov.

Mavzuga oid