23:11 / 07.02.2017
12409

2016 yil O‘zbekistonda 255,9 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi

2017 yilning 5 fevral kuni “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasi boshqaruvining 2016 yil yakunlari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda kompaniya tizimidagi hududiy bo‘linmalar, tarkibiy korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Majlisni boshqaruv raisi A.Abduvaliyev olib bordi.

Yig‘ilishda o‘tgan yil natijalari tanqidiy tahlil asosida ko‘rib chiqildi. Unda ta'kidlanganidek, 2016 yil davomida umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida tizim korxonalari tomonidan jami 1,3 trln. so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirilgani holda yo‘l qurilish, ta'mirlash va saqlash ishlari bajarildi.

Jumladan:

- Investitsiya dasturiga muvofiq 2016 yilda 176,3 km uzunlikdagi umumiy foydalanuvda bo‘lgan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan edi. Tuzilgan shartnoma va tasdiqlangan rejaga muvofiq yil yakunlari bo‘yicha amalda 255,9 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi, ya'ni 428,8 mlrd. so‘mga teng yo‘l ishlari bajarildi;

- hisobot davrida xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida hamda shahar ko‘chalarida “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasi tizimidagi korxona va tashkilotlari tomonidan yo‘llarni mukammal ta'mirlashda 83,2 mlrd. so‘mlik ishlar amalga oshirilib, 94,4 km uzunlikdagi umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llari to‘la ta'mirlandi;

- 42654 km uzunlikdagi, shu jumladan, O‘zbek Milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va joriy ta'mirlash ishlari bo‘yicha 2016 yilda 632,0 mlrd. so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirildi; 


- kompaniya korxona va tashkilotlari tomonidan namunali uy-joy massivlariga kirish yo‘llari, ichki xo‘jalik yo‘llari va shahar ko‘chalarini qurish va ta'mirlash ishlari bo‘yicha jami 163,8 mlrd. so‘mlik ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan davr mobaynida tizim korxona va tashkilotlarida 237 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Ta'kidlanganidek, o‘tgan yil davomida va joriy yilning shu davriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasidan “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasiga jami 98 ta murojaat kelib tushgan. Yig‘ilishda har bir rahbardan belgilangan muddatdan kechiktirmasdan, o‘z vaqtida murojaat muallifi ishtirokida ko‘tarilgan masalani imkon qadar ijobiy hal etish va amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, murojaatda ko‘tarilgan masalani tezkor ravishda hal etish choralarini ko‘rish talab etilishi, ushbu masalaga shaxsan birinchi rahbarlar mas'ul ekanligi alohida ta'kidlandi.

Top