Jahon | 13:32 / 07.02.2017
12969
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya bosh vaziri Rossiya bilan muammolarga «nuqta qo‘yish» istagini bildirdi

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe Moskva bilan hamkorlikda Ikkinchi jahon urushidan so‘ng mamlakatlar munosabatlarida saqlanib qolgan muammolarga barham berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda u 7 fevral kuni bayonot berdi, deb xabar qilmoqda Kyodo agentligi.

«Biz urushdan so‘ng qolgan muammolarga chek qo‘yish g‘oyasini ma'qullaymiz», — degan Abe Shimoliy hududlarni qaytarish bo‘yicha umummilliy s'yezdda nutq so‘zlar ekan. Yaponiyada Rossiya bilan tinchlik bitimi imzolanmagani va Janubiy Kuril orollarining 4tasini qaytarib olish masalasi shu muammolar sirasiga kiritiladi. 

U, shuningdek, bu masalalarni hal etish uchun yangicha yondashuv zarurligini qayd etgan. Yaponiya hukumati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, muammoni hal etish «70 yil mobaynida bir millimetrga ham siljimagan».

«Tinchlik shartnomasini imzolash — oddiy vazifa emas, biroq asta-sekinlik bilan uni hayotga tatbiq etish kerak», — deb qo‘shimcha qilgan Abe.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, Moskva va Tokio o‘rtasida tinchlik bitimi imzolanmagan edi. Bunda Kuril orollarining janubiy qismidagi 4ta orol: Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomaining kimga tegishli ekaniga doir tortishuvlar bunga to‘sqinlik qilmoqda. Tokio 1855 yildagi ikki tomonlama shartnomaga muvofiq da'vo qiladi, Moskva esa, orollar Ikkinchi jahon urushi yakuniga ko‘ra, SSSR tarkibiga kirganini ta'kidlaydi. 

Mavzuga oid