17:30 / 07.02.2017
30358

Jizzaxda xotinini pichoqlab o‘ldirgan erkak 22 yilga qamaldi

Jizzax shahrida mudhish qotillik sodir etildi – er o‘z xotinini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, nomi oshkor etilmagan erkak avval Namangan viloyat sudi tomonidan 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lib, u jazo muddatining tugashiga uch yarim yildan kamroq vaqt qolganida yana mudhish jinoyat sodir etadi.

Erkak jazoni o‘tash bilan bir paytda Jizzax shahridagi qurilishlarda ishlagan hamda Namangan viloyatining Chortoq tumanida yashovchi qizga uylangan. To‘ydan so‘ng ular uchrashib turish uchun Jizzax shahridagi xonadonlardan birini ijaraga olishadi.

Kelin nikohdan so‘ng Namangan shahriga qaytib ketib, qaynonasi bilan birga yashay boshlagan. 2016 yilning may oyida erkak xotinini Jizzaxga taklif qiladi. Ayol bir kundan so‘ng Namanganga qaytib ketmoqchiligini bildiradi. O‘rtada kelib chiqqan janjalda erkak xotinini pichoqlab o‘ldirgan. 

Gazetaning yozishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudi erkakka o‘talmay qolgan jazosini ham qo‘shgan holda 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. 

Top