11:20 / 08.02.2017
5493

CNN: Tramp matbuot kotibidan norozi va unga o‘rinbosar qidirmoqda

foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z matbuot kotibi Shon Spayserning ishidan qoniqish hosil qilmayapti va Oq uy ma'muriyatining kommunikatsiyalar direktori lavozimiga yangi nomzod qidirmoqda. Bu haqda CNN telekanali o‘z manbalariga asoslangan holda xabar qilmoqda. 

Ayni vaqtda Spayser matbuot kotibi va kommunikatsiyalar direktori vazifasini uddalashga harakat qilmoqda. Odatda, bu lavozimlarni ikki kishi egallaydi, deb xotirlaydi CNN.

"Donald Tramp Spayserning ilk ikki haftadagi ishidan ko‘ngli to‘lmayapti", — deya qayd etgan telekanal.

Spayser uzoq vaqtdan beri AQSh Respublikachilar partiyasida faoliyat yuritadi va partiyaning sobiq raisi, hozirda Oq uy apparati rahbari Rins Pribasning yaqin safdoshi hisoblanadi. 

"Xodimlarni tanlash jarayoniga yaqin manbalarga ko‘ra, Tramp Oq uyning ehtimol eng obro‘li lavozimlaridan biri uchun Spayserni tanlagani sababli Pribasdan norozi", — deb xabar qilmoqda CNN.

Ta'kidlash joizki, CNN Oq uy ma'muriyatining eng yoqtirmagan OAVdan biri hisoblanadi. Trampning o‘zi ushbu telekanal bilan doimiy ravishda axborot urushini olib boradi va uni "soxta yangiliklar kanali" deb ataydi. Bunga javoban, telekanal ham prezidentni tanqid qilishdan charchamaydi. 

O‘z navbatida, Spayser OAV bilan munosabatlarni aniq qoidalar asosida olib borishga urinadi. Bunday holat AQSh mulozimlari va siyosatchilariga xos bo‘lmagan ishdir. Xususan, u birinchi matbuot brifingida qisqa chiqish qilgach, jurnalistlarning savollariga javob bermay, zalni tark etgan edi. 

Top