10:11 / 08.02.2017
7916

Xalq ishonchini oqlash har birimizning zimmamizga ulkan mas'uliyat yuklaydi

Foto: O‘zA

2017 yil mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilindi. Mazkur yilning maqsadini belgilashda davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqilishi, bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etish lozimligiga e'tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada ilgari surilgan g‘oyada qator yangiliklar alohida ajralib turibdi. Xususan, 2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etildi, har bir tuman va shaharda Xalq qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish maqsadida fuqarolarga kundalik va eng zarur bo‘lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” prinsipi bo‘yicha bir idora orqali ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Ayniqsa, har bir hududdagi vaziyatni, avvalo, Farmon va qarorlar ijrosini, ularning samaradorligini doimiy ravishda o‘rganib, bu borada davlat organlari mas'uliyatini oshirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqadigan tizimni shakllantirish borasidagi qadamlar aholining davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Boshqacha aytganda, gap fuqarolar turli masalalar yuzasidan eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimni yaratish ustida ketmoqda. Yana ham aniqrog‘i, amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan o‘zgarishlardan kutilayotgan natija bu jamiyatda adolat tamoyilining ustuvorligiga erishishdir. Shu ma'noda, bundan buyon bajarishimiz lozim bo‘lgan barcha ishimiz “Adolat — qonun ustuvorligida” tamoyiliga muvofiqlashtiriladi.

Shu o‘rinda 2017 yilga berilgan nomdagi ikki so‘zni tahlil etishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz. “Muloqot” so‘ziga mutaxassislar turlicha ta'riflar keltirishgan. Nazarimizda, quyidagi ta'rifda muayyan darajada mantiq bor: muloqot, bu — jamiyat a'zolarining o‘zaro birgalikdagi faoliyatlari ehtiyojlaridan kelib chiqadigan, turli faolliklari mobaynida bir-birlari bilan bo‘ladigan munosabatlarga kirishish jarayonidir. Ya'ni har qanday muloqot ehtiyoj tufayli yuzaga keladi. Bunday muloqot nafaqat odamlar o‘rtasida, ayni paytda, kishilar va davlat, kishilar va jamiyat, kishilar va turli tashkilotlar, partiyalar, harakatlar o‘rtasida ham yuz beradi.

Xo‘sh, unda “manfaat” so‘zi nimani anglatadi? Manfaatlar o‘z tabiatiga ko‘ra shaxs, guruh, jamiyat manfaatlariga bo‘linsa, qaysi ehtiyojlarni qondirish bilan bog‘liqligini hisobga olishga qarab, moddiy va ma'naviy manfaatlarga bo‘linadi.

Umuman, manfaat shaxs yoki ijtimoiy guruh faoliyatini, hulqi-atvorini belgilaydigan muhim omil sifatida fuqarolarni doimo harakatga undaydi. Ayniqsa, jamiyat manfaati mutlaqo ijobiy tavsifga ega. Masalan, O‘zbekiston jamiyatini bitta manfaat birlashtiradi. Bu yurt manfaatidir.

So‘nggi to‘rt-besh oy mobaynida davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilgan ishlar muloqotdagi ochiqlik, to‘g‘rilik hamda manfaatlar uyg‘unligining yaqqol ifodasi bo‘ldi. Bu borada Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi xayrli va  juda ibratli tashabbusdir. Bunday qabulxonalarni fuqarolarning maqsad va manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan kuch sifatida odamlar hayotidagi muammolardan doimo xabardor bo‘lishi lozimligi ayni muddao bo‘lmoqda. Bu esa rahbarlarga bo‘lgan talablarni o‘n, yuz chandon oshiradigan mexanizmdir.

Xalq qabulxonalari bugungi rahbardan mavjud vaziyatdan, muammolardan xabardor bo‘lishni, muloqot madaniyatiga amal qilishni, davlatning ichki va tashqi siyosatini chuqur tushunish, uni ongli ravishda anglashni, fuqarolar manfaatini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifasi sifatida tan olishni, o‘z sohasi bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lishni, bugungi kun talablariga javob beradigan rahbarlik sifatlarini qunt bilan egallashni, qisqasi, odamlarning og‘irini yengil qiladigan fazilatlarni talab etadi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili falsafasida, yuqorida qayd etilgani kabi, davlat va xalq manfaatlari uyg‘unligi alohida o‘ringa ega. Mustabid tuzum davrida davlat manfaatlari har doim xalq manfaatlaridan ustun qo‘yilgan. Mustaqillik yillarida esa bu masalada ham adolat tantana qildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida shunday deyiladi: “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'uldirlar”.

Ana shu qoida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining o‘zagi hisoblanadi. Ushbu qoida bugungi kunda yanada aniqroq va oydinroq tarzda namoyon bo‘lmoqda. “Xalq, — deydi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, — davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak va bu haqiqatni avvalo barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarur”.

Xalqimizda “Har bir odam pok niyatli bo‘lishi lozim”, degan so‘zni ko‘p uchratamiz. Haqiqatan ham, amallarimizning natijasi ko‘p jihatdan niyatimizga bog‘liq. Yaxshi niyat bilan, odamlarning og‘irini yengil qilishga astoydil bel bog‘lagan har qanday inson tahsinga loyiq. Shu ma'noda, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili barcha fuqaroda, turli darajadagi rahbarlarda niyatning sof va tozaligini ta'minlaydigan, barchamizni shunday bo‘lishga undaydigan yil bo‘lishiga ishonamiz.

Ayni paytda, masalaning yana bir muhim va nozik tomoni borligi, bu fuqarolar hamda ularning ushbu jarayondagi faoliyati to‘g‘risida ekanligini unutmasligimiz lozim. Darhaqiqat, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining obekti ham, predmeti ham inson, uning manfaatlari hisoblanadi.

Barchamizga ma'lumki, 2016 yil 25 sentabrdan Bosh vazirning Virtual qabulxonasi ishga tushirildi. Qisqa vaqt ichida yuz minglab fuqarolarimiz davlat bilan muloqotning mutlaqo yangi usuliga guvoh bo‘ldi. Shu narsani alohida ta'kidlash lozimki, ushbu qabulxonaga kelib tushayotgan murojaatlarning talay qismi minnatdorlik mazmunidagi xatlardan iborat. Chindan ham, odamlarimiz mamlakatda, uning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalarda ro‘y berayotgan yangilanishlar, o‘zgarishlar, zamon nafasi bilan to‘yingan, yangi sifatlar bilan boyib borayotgan islohotlardan to‘liq qoniqish hosil qilayotganliklarini izhor etmoqda. Xalq va davlat o‘rtasidagi bunday muloqot fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Shuningdek, ayrim fuqarolarimizdagi ijtimoiy sustlik, tevarak-atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni tahlil etishdagi loqaydlik kayfiyatini bartaraf etayotir.

Shu bilan birga, mazkur qabulxona faoliyati hali oldimizda ko‘plab muammolar mavjudligini ko‘rsatib berdi. Jumladan, fuqarolarimiz turli sohalardagi ma'muriy-buyruqbozlik to‘siqlarini zudlik bilan olib tashlashni, mavjud qonunchilikka zid ayrim xatti-harakatlar, afsuski, uchrab turganini ro‘y-rost qayd etmoqdalar. Eng muhimi, murojaatlarning, talablarning aksariyat katta qismi qonuniy va adolatli ekanligi ko‘rinib turibdi. Davlat idora, -muassasa, vazirliklar, mahalliy hokimliklar bunday kamchilik, xatolarning oldini zudlik bilan olishga harakat qilmoqda. Bular, albatta, xalq tomonidan ijobiy baholanmoqda.

Ayni vaqtda, ba'zan bunday murojaatlar ichida mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan, “bir yozib ko‘raychi” qabilida “murojaat” etayotganlar ham uchrab turganligi ayni haqiqat. Asossiz, ba'zan bachkana “murojaat”lar davlat organlari, ularda mehnat qilayotgan ko‘plab mutasaddi xodimlarni jiddiy ishlardan chalg‘itayotganini ham e'tiborga olish foydadan xoli bo‘lmasdi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili davlat organlari hamda fuqarolarning bir-biri oldidagi burch va mas'uliyatlarini yana bir bor eslatib qo‘ymoqda. Ushbu yil doirasida odamlarimiz siyosiy madaniyati, ijtimoiy faolligi yanada oshadi, qishloq, shaharlarimizdagi mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etishga zamin yaratadi. Eng muhimi, bunday muloqotdan ham davlat, ham xalq manfaatdor bo‘lmoqda.

Abduxalil  MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor.

Top