23:51 / 08.02.2017
10696

AQSh fuqarosi aeroport angarida Somali prezidentligiga saylandi

Foto: AP

Somalining sobiq bosh vaziri Muhammad Abdullohiy Muhammad mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi. Reuters agentligi bergan ma'lumotga ko‘ra, u qasamyod ham qilgan. Shu paytgacha davlat rahbari bo‘lib kelgan Hasan Shayx Mohamud o‘z mag‘lubiyatini tan olgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Muhammad Abdullohiy Muhammad ikki davlat fuqarosi bo‘lib, AQShda o‘qigan va shu davlat fuqaroligini olgan.

Yangi prezident 8 fevral kuni o‘tkazilgan saylovlarning ikkinchi tur natijalariga ko‘ra saylangan. Aynan shu kuni o‘tkazilgan birinchi tur hech bir nomzodga g‘alaba keltirmagandi. G‘olibni Somali parlamentidagi 219 deputat qo‘llab-quvvatlashi zarur edi.

Saylovlar mamlakat poytaxti Mogadishodagi eng xavfsiz joylardan biri bo‘lmish aeroport hududida o‘tkazilgan.

Somalida prezidentni ikki palatali Federal parlament deputatlari saylashadi. Mana shu oyda parlamentning har ikki palatasida yangilanish sodir bo‘ldi va ularning rahbarlari ham o‘zgardi. Xalq (quyi) palataga Muhammad Usmon Javariy rahbar etib tayinlangan bo‘lsa, Yuqori palataga Abdi Xashi Abdullohiy bosh bo‘ldi. 

Mavzuga oid
Top