00:07 / 09.02.2017
9452

Andijonda “Barkamol avlod -2017” musobaqalariga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Andijonda sport turlarini rivojlantirish hamda “Barkamol avlod -2017” musobaqalariga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov xabar bermoqda. 

Andijon viloyatida 45 ortiq sport federatsiyasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda muntazam shug‘ullanuvchilar soni 241 ming nafardan ziyodni, shundan 105 ming nafari esa qizlarni tashkil etadi. Viloyat vakillari 2016 yil davomida respublika va xalqaro sport musobaqalarida 2468 ta medallarni ko‘lga kiritdi.

Olimpiya zaxiralari kollejida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov sport turlarini rivojlantirish, federatsiyalar faoliyatini yanada jonlantirish to‘g‘risida ma'ruza qilib, sportning yengil atletika, velosport, suvga sakrash, basketbol va voleybol turlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq rejalar asosida ish olib borish lozimligiga to‘htalib o‘tdi.

So‘ng viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Mamirov shu yil Jizzax shahrida bo‘lib o‘tadigan “Barkamol avlod - 2017” sport musobaqalariga olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari bo‘yicha axborot berdi.

Viloyatdagi 129 ta o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida sportning 17 turi bo‘yicha ichki musobaqalar tashkil etildi. Unda 57 ming 405 nafar o‘quvchi yoshlar ishtirok etdilar. O‘tkazilgan turnirlar natijalariga ko‘ra 177 nafar sportchi yoshlar “Barkamol avlod -2017” musobaqlarida qatnashish uchun saralab olindi. Ushbu sportchilar bugungi kunda Andijon olimpiya zaxiralari kollejida asosiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib borishmoqda. 

Viloyat hokimi bo‘lajak musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallash uchun sportchi yoshlarga barcha shart-sharoitlarni yaratib berish borasida aniq ko‘rsatmalar berdi.

Top