20:19 / 09.02.2017
11608

Apple’ning yangi binosi: eng katta bukilgan oynalar va liftdagi iPhone tugmachalari

Reuters Apple kompaniyasining yangi binosi qurilishi haqidagi maqolani e'lon qildi. Agentlikning yozishicha, avvalroq bino 2015 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgandi. Biroq barcha kichik jihatlarga katta e'tibor qaratish tufayli kompaniya yangi qarorgohi qurilishi deyarli 2 yilga cho‘zilib ketdi.

Vc.ru Apple’ning yangi binosi qurilishi haqida bir qancha ma'lumotlar to‘pladi.

Apple’ning yangi kampusi dizaynini Stiv Jobsning iltimosi bilan britaniyalik arxitektor Norman Foster ishlab chiqdi. Apple asoschisi arxitektordan unga buyurtmachi sifatida emas, balki loyihachilar jamoasining a'zosi sifatida munosabatda bo‘lishini so‘ragan.

2014 yilda Foster ular avvaliga binoni xalqa shaklida qurish niyatida bo‘lmaganliklari, ammo London maydonlari va Stenford universitetining kampusidan ilhomlanib, arxitektorlar asta-sekin bu g‘oyaga kelishganini aytgan.

Apple binoga kompaniya mahsuloti sifatida munosabatda bo‘lmoqda

Bu haqda Tim Kuk CBS’ga 2015 yilning dekabrida bergan intervyusida aytib o‘tgan. Biroq yangi kampus ustida ishlagan arxitektorlardan biri Reuters’ga kompaniya xodimlarining qarorgoh dizayniga bo‘lgan munosabati haqida gapirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya o‘z kampusiga nisbatan juda katta muhabbati bor. Kompaniya har doim loyihani yaxshilash usullarini topgan, biroq aksariyat holatlarda bu qurilish me'yorlariga to‘g‘ri kelmagan.

Masalan, Apple qarorgoh qurilishida xatoga yo‘l qo‘yish ehtimolini maksimal darajada pasaytirishni istagan. Ammo qurilish texnologiyalari huddi texnologik uskunalar kabi rejalashtirilgan aniqlik bo‘yicha binolarni qurish imkonini bermaydi. «Telefonlarni kichik, juda kichik xatolar bilan yaratish mumkin. Biroq binolarda bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi – eshiklar berkilib qoladi», - dedi arxitektor.

Qarorgoh eshiklarida ostona yo‘q

Reuters o‘z manbariga tayanib yozishicha, kompaniya vakillari eshiklarda ostona bo‘lmasligini talab qilishgan. Shu bilan bir qatorda, pudratchilar Apple’ni bu g‘oyadan voz kechishga chaqirishgan: «Biz bu g‘oyadan voz kechishga harakat qilgandik, sababi u ko‘p vaqt va pul talab qilardi. Bundan tashqari, bunday ishni hali hech kim qilmagan».

Apple ostonalardan voz kechishni xodimlar ketayotgan paytda qadamlarini o‘zgartirishi va bu ularni ishdan qoldirishi mumkinligini bilan tushuntirgan.

Apple dizaynerlari qurilishning barcha detallarini nazorat qilishdi

Apple xodimlari yangi kampusdagi barcha belgilar dizaynini ishlab chiqishdi – ular ichida hattoki o‘t o‘chirish moslamalari ham bor. Shu bilan bir qatorda, Kaliforniya o‘t o‘chirish xizmati bu belgilar har qanday vaziyatda ham ko‘rinarli bo‘lishi kerakligini talab qildi.

Reuters Santa-Klara okrugi yong‘in departamenti vakili Dirk Matternning so‘zlaridan iqtibos keltiradi: «Men hech qachon bunday belgilarga bunchalik ko‘p vaqt ajratmaganman». Uning so‘zlariga ko‘ra, Apple vakillari bilan o‘t o‘chirish belgilari bo‘yicha 15 bora uchrashgan.

Eshik tutqichlari borasida bir yarim yillik muhokamalar bo‘lib o‘tdi

Reuters Apple’ning detallarga katta e'tibor qaratishi haqida misol keltirgan. 2015 yilda kompaniya pudratchilardan anjuman-zallari va xonalar uchun tutqichlar tayyorlab berishni so‘ragan. Ular bir necha oy o‘tib, Apple menejyeriga tayyor tutqichni ko‘rsatishgan. Biroq AT-gigant vakili tutqich yuzasidan qandaydir texnik xatolar borligini bildirgan.
Pudratchilar barchasini qayta tekshirib chiqishdi, ammo hattoki nanometrlik darajada hech nima topa olishmadi. Biroq Apple tutqichlarni qayta tayyorlash kerakligini aytgan. Kompaniya vakillari eshik tutqichlari dizayni ustida yana kamida bir yarim yil ishlashdi, deb yozadi Reuters.

Binoda dunyodagi eng katta bukilgan oynalardan foydalanilgan

Bukilgan oynalar binoning tashqi va ichki qismini qoplab turadi. Kampusda hammasi bo‘lib 3000ta bukilgan oynadan foydalanilgan. Apple ularni Germaniyadan buyurtma qildi. «Bu qachonlardir ishlab chiqarilgan eng katta oynalar», - deya aytib o‘tgan Jonatan Ayv CBS’ga bergan intervyusida.

Qurilish kompaniyasi vakillarining Reuters’ga ma'lum qilishicha, kompaniya barcha havo almashtirish tizim panjaralari va quvurlarni ular oynalarda va boshqa derazali yuzada ko‘rinmaydigan qilib joylashtirishni talab qilgan. Shuningdek, pudratchilarga 30 sahifali intererda turli daraxt turlaridan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomaga amal qilish talabi ham qo‘yildi.

Apple yangi mahsulotlari taqdimoti kampus hududida o‘tkaziladi

Apple so‘nggi bir necha yil davomida o‘z mahsulotlari taqdimotini San-Frantsiskoda o‘tkazmoqda. Kompaniya buning uchun shahar markazidagi katta ko‘rgazma zallarini ijaraga oladi. Kompaniya yangi kampusda o‘z taqdimot marosimlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan katta zal – Auditorium’ni nazarda tutgan.

Bu bino ming kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, asosan, yer ostida joylashgan.

Liftlarda iPhone tugmachalari ishlatiladi

Reuters’ning yozishicha, kampus liftlarida iPhone’da o‘rnatilgan tugmalar ishlatildi. Aftidan, gap kompaniyaning yettinchi modeldagi smartfonlarida o‘rnatilgan tugmachalar haqida bormoqda – iPhone’ning so‘nggi versiyalarida “Uyga” jismoniy tugmachasi yo‘q.

Reuters manbalariga ko‘ra, yangi kampusdagi unitazlar ko‘rinishi ham kompaniya qurilmalari korpusini eslatib yuboradi.

Kampus faqatgina qayta tiklanuvchi quvvat manbalarini ishlatadi

Yangi qarorgoh tomi butunlay quyosh batareyalari bilan qoplangan. Taxminlarga ko‘ra, kampus o‘zini qayta tiklanuvchi energiya bilan butunlay ta'minlaydi. Agarda quyoshli batareyalar quvvati ishlarga yetmay qolsa, bunda bioyoqilg‘ida ishlovchi generatorlardan foydalaniladi. Shuningdek, kompaniya shahardagi qayta tiklanuvchi manbalardan quvvat xarid qilish niyatida.

Kampus butun bir yil davomida konditsionerlarsiz ishlashi mumkin

Apple Campus 2 shu tariqa loyihalashtirilganki, bunda deyarli butun yil – yilda 273 kun davomida konditsionerlash va qizitish tizimi foydalanilmaydi. Taxminlarga ko‘ra, binoda havoning tabiiy aylanishiga erishilgan.

Yangi kampusning atigi 20 foizi binolardan iborat

Qarorgoh hududida faqatgina Kaliforniya iqlimidagi o‘zgarishlarga moslasha oladigan o‘simliklar ekilgan. Kampusda umumiy hisobda 7 ming daraxt ekilgan.

Apple Campus 2 hududi yashil ko‘rinishi uchun kompaniya ochiq avtomobil turargohlaridan foydalanmaydi. Ularning bir qismi yer ostida bo‘ladi.

Kampus hududida umumiy hisobda 11 mingta avtomobil qo‘yish joyi bo‘lib, ularning aksariyati elektrmobillarni quvvatlantirish stansiyalari bilan jihozlangan. Shuningdek, Apple xodimlari mingta velosipedlarni ishlatishlari mumkin.

Top