23:55 / 09.02.2017
8637

Nyu-Yorkda kuchli qor yog‘ishi tufayli BMT bosh qarorgohi yopib qo‘yildi

AQShning shimoli-sharqida yoqqan kuchli qorlar 9 fevralda BMT bosh qarorgohida belgilangan barcha yig‘ilish va tadbirlarning bekor qilinishiga olib keldi. BMT bosh kotibi devonxonasida ma'lum qilinishicha, Manxettenning sharqiy sohilbo‘yida joylashgan bosh qarorgoh 10 fevralgacha yopiladi. 

"Yomon ob-havo sharoiti tufayli BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi payshanba kuni yopiladi", deyilgan xabarda. 9 fevralda bosh qarorgohda bir qator tadbirlar, jumladan BMT Bosh assambleyasining terrorchilikka qarshi kurash strategiyasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tishi kerak edi.  

9 fevralga o‘tar kechasi Nyu-York, Nyu-Jyersi, Konnektikut va Massachusets shtatlariga yoqqan kuchli qorlar 3 mingdan ko‘proq aviareys va maktablarda mashg‘ulotlarning bekor qilinishiga olib keldi. Nyu-Jyersida yog‘ingarchilikning ilk soatlarida 50 dan ko‘proq avariya yuz bergan. 

Nyu-Yorkda bir necha soat ichida havo harorati 12 gradusdan 1 gradusgacha tushib ketgan. Taxmin qilinishicha, qor qatlami 20 sm gacha, Boston shahri va Men shtatining sharqiy hududlarida 45 sm gachani tashkil qiladi.

Mavzuga oid
Top