19:39 / 10.02.2017
7833

APLda yanvar oyining eng yaxshilari ma'lum bo‘ldi

Angliya premer-ligasining yanvar oyidagi eng yaxshi futbolchisi, eng yaxshi murabbiyi va eng chiroyli goli muallifi nomi ma'lum bo‘ldi.

Oy futbolchisi
«Tottenhem» yarimhimoyachisi Dele Alli oyning tengsiz futbolchisi deb topilgan.

Dele Alli yanvar oyida 5 uchrashuvda maydonga tushib, 5 gol urdi va bir golga hammualliflik qildi. Uning gollari «Uotford» (2ta), «Chelsi» (2ta) va «Manchester Siti» darvozalariga urilgan, u shuningdek, «Vest Bromvich» darvozasiga urilgan golga pas bergan.

Oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun yana 7 nafar futbolchi, Aleksis Sanches («Arsenal») Adam Lallana («Liverpul»), Diyego Kosta hamda Harri Keyhill («Chelsi»), Zlatan Ibrahimovich hamda Pol Pogba («Manchester Yunayted») va Kristian Eriksen («Tottenhem») da'vogar bo‘lgandi.

Oy murabbiyi
«Suonsi»ning yangi bosh murabbiyi Pol Klement oyning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Uelsliklar jamoasi Klement boshchiligida 3 uchrashuvda g‘alaba qozonib, bir marta mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa xavfli zonani tark etishga muvaffaq bo‘ldi. 

«Suonsi» o‘tgan oyda «Kristal Pelas» (1:2) va «Liverpul»ni (2:3) safarda yengdi, o‘z maydonida «Sauthempton»ni mag‘lubiyatga uchratdi. «Arsenal»dan o‘z maydonida 0:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Oyning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun Klementdan tashqari, Mark Hyuz («Stok Siti»), Ronald Kuman («Everton») va Joze Mourino («MYu») ham da'vogar bo‘lgandi.

Oy goli muallifi
Angliya premer-ligasining yanvar oyida kiritilgan eng chiroyli goli nomi aniqlandi.

Unga ko‘ra, «Vest Hem» hujumchisi Endi Kerrolning «Kristal Pelas» darvozasiga urgan goli eng chiroyli deb topildi.

Ko‘pchilikning fikricha, yanvar oyi boshida «Arsenal» hujumchisi Olive Jiru tomonidan kiritilgan gol oyning eng chiroyli goli bo‘lishi kutilayotgandi. Biroq yakunda bunday bo‘lib chiqmadi.

Mavzuga oid
Top