20:32 / 10.02.2017
22673

Shavkat Mirziyoyev Sherobod tumanida barpo etilayotgan sement zavodi loyihasi bilan tanishdi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sherobod tumanida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barpo etilayotgan sement zavodi qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Surxondaryo viloyatida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, sanoat korxonalarini texnik va texnologik yangilash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish yuzasidan qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Viloyatda qurilish ko‘lami kengaygani, iqtisodiyotning mazkur tarmog‘iga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib borayotgani qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etishni taqozo etmoqda. 

Tumandagi “Vandob” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etiladigan sement zavodi vohada qurilish sanoatini zamon talablari darajasida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Loyiha qiymati 212,8 million dollar bo‘lgan ushbu sanoat korxonasida yiliga 1,5 million tonna portlandsement ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Korxona ishga tushgach, bu yerda mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotning asosiy qismi ichki talabni qondirishga yo‘naltiriladi. 

Davlat rahbari ushbu zavod nafaqat viloyat, balki mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishini ta'kidladi. Loyihachi va quruvchilar bilan suhbatda qurilish sur'atlarini jadallashtirish, sifat va muddatga alohida e'tibor qaratish zarurligi qayd etildi. 

Top