Jahon | 17:49 / 11.02.2017
10576
2 daqiqa o‘qiladi

Snouden o‘zining AQShga topshirilishiga doir xabarlarga munosabat bildirdi

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi va MRB sobiq xodimi Edvard Snouden Rossiya uni AQShga topshirish masalasini muhokama qilayotganiga doir xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning uni prezident Donald Trampga "hadya" qilmoqchi ekani, Snoudenning RF razvedkasi bilan umuman aloqasi bo‘lmaganini tasdiqlaydi. Bu haqda u Twitter mikroblogida ma'lum qilgan.

"Nihoyat: mening Rossiya razvedkasi uchun hech qachon ishlamaganimni tasdiqlaydigan dalil. Hech bir mamlakat o‘z ayg‘oqchilarini topshirmaydi, chunki boshqalar (ayg‘oqchilar) o‘zlarini navbatdagi deb tushunishadi", - deb yozgan Snouden.

Avvalroq, NBC telekanali tarqatgan xabarga ko‘ra, AQSh razvedkasi Rossiya maxsus xizmatlari MRB sobiq xodimi Edvard Snoudenni prezident Donald Trampga "hadya qilish" masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida ma'lumotlarga egaligini ta'kidlagan. 

Eslatib o‘tamiz, Snouden – MXAning sobiq tahlilchisi bo‘lib, 2013 yilda Amerika maxsus xizmatlarining elektron ta'qiblarini ommaga oshkor qilgan edi. Xususan, uning qilmishlari natijasida xorijiy davlat rahbarlarining telefon suhbatlari noqonuniy ravishda tinglangani ma'lum bo‘lgandi. Snouden AQSh hukumati ta'qibidan qochib, 20dan ortiq mamlakat hukumatiga boshpana so‘rab murojaat qilgan. Rossiya shular jumlasidan bo‘ldi. 2014 yil 1 avgustida RFning uch yillik yashash va ishlashga ruxsat beruvchi guvohnomasini oldi. Shundan buyon Rossiyada istiqomat qiladi. 

AQSh Snoudenni josuslik bo‘yicha ikkita moddani buzganlikda ayblaydi. Ularning har biri uchun Edvardga 10 yillik jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin. AQSh ma'muriyati Snoudenni xoin deb hisoblaydi va uni afv etishni istamaydi. U Amerika milliy xavfsizligi manfaatlariga katta zarar yetkazgan. 

Mavzuga oid