Jahon | 14:16 / 12.02.2017
57803
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Maxfiy xizmati haqida ko‘pchilikka noma'lum 5 fakt

AQSh prezidentini ko‘rganingizda uning yonida Maxfiy xizmat xodimlarini ham ko‘rasiz. Ular o‘zlarining eng sezilarli burchlaridan biri - oliy bosh qo‘mondonni himoya qilish vazifasini bajarayotgan bo‘lishadi. Shuningdek, vitse-prezident va uning oilasi, sobiq prezidentlar va AQShga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar rahbarlarini ham qo‘riqlovchi bu agentlikning yana ko‘plab boshqa vazifalari bor.  share.america.gov saytida shu haqida ma'lumot berildi.

Maxfiy xizmatlar Qo‘shma Shtatlar moliyaviy tizimiga qarshi jinoyatlar, shuningdek, kiberjinoyatlarni ham o‘rganadi. Uning tarkibida maxsus agentlar, operativ ishchilar, yordamchi personal kabi 6,5 mingga yaqin xodim faoliyat yuritadi. AQSh maxfiy xizmatlari har bir shtatda va xorijda o‘z bo‘limlariga ega.

Quyida ba'zi qiziq faktlarni taqdim etamiz:

Maxfiy xizmatlar 1865 yilda Moliya vazirligining bir bo‘limi sifatida ish yurita boshlagan. O‘sha paytlar Fuqarolik urushidan keyin moliya sohasida tartibsizlik ko‘payib ketgan va bu mamlakat iqtisodiyotiga vayronakor ta'sir ko‘rsatayotgandi.

"Prezident Linkoln o‘z o‘limidan biroz oldin Maxfiy xizmatlarni yaratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzolagan, - deya so‘zlaydi Maxfiy xizmatlarning sobiq direktor yordamchisi, hozirda esa Command Consulting Group konsalting firmasi xodimi Mikki Nelson. - U paytlar tashkilotning prezident muhofazasiga umuman aloqasi yo‘q edi".

Pullarni soxtalashtirish bilan kurashish avvalgidek Maxsus xizmatlarning muhim funksiyasi hisoblanadi

Agentlik Amerika pul birligining mamlakat ichida va undan tashqarida soxtalashtirilishi bilan kurashishda davom etmoqda. 2016 yilning noyabrida Maxfiy xizmatlar Peru hududidagi 30 million dollarlik kupyuralarni musodara qildi. Bu tashkilot tarixidagi eng yirik qo‘lga olingan kupyuralar bo‘ldi.

1901 yildan buyon 24 soat davomida prezidentni qo‘riqlash xizmati yo‘lga qo‘yilgan

XIX asr oxirida Maxfiy xizmatlar norasmiy ravishda prezident Grover Klivlend muhofazasini amalga oshirgan. 1901 yildagi prezident Uilyam Mak-Kinlining o‘limidan keyin (36 yil ichida suiqasd uyushtirilgan uchinchi prezident) Kongress Maxfiy xizmatlarga prezidentni 24 soat davomida qo‘riqlash vazifasini topshirdi. Oq uyda ishlagan birinchi guruhda bor-yo‘g‘i ikki kishi xizmat qilgan.

Prezidentni qo‘riqlash bo‘yicha ishlarning katta qismi oldindan amalga oshiriladi

Vashington tashqarisidagi prezident ishtirokidagi har qanday tadbirga 1-2 hafta qolganda belgilangan joyga Maxfiy xizmatlarning yetakchi guruhlari yetib keladi. Ular avtokortejlar uchun asosiy, zaxira va favqulodda yo‘nalishlarni o‘rganishadi, shifoxonalarni ko‘zdan kechirishadi va prezident tashrif buyuradigan har bir obektda xavfsizlikni ta'minlash rejasini tuzishadi.

"Oldindan rejalashtirish Maxfiy xizmatlar faoliyatida muhim ahamiyatga ega, - deya ta'kidladi Nelson. - Odamlar prezidentning atrofidagi agentlarni ko‘rishadi, biroq uning kelguniga qadar amalga oshiriladigan mashaqqatli mehnatni ko‘rishmaydi. Masalan, 2017 yildagi inauguratsiyani keng ko‘lamda rejalashtirish ishlari 18 oy avval boshlangan".

Qanday sirlar haqida gap ketmoqda?

Agentlik nomining kelib chiqishi uning dastlabki soxta pul yaratuvchilariga qarshi kurashiga borib taqaladi. "O‘sha paytlar guruh maxfiy ravishda faoliyat yuritgan, shu bois tashkilot  "Maxfiy xizmatlar" nomini olgan".

 

Mavzuga oid