13:30 / 13.02.2017
9621

Besh karra olimpiya chempioni shou-dasturni suratga olish chog‘ida oyog‘ini sindirib oldi

Foto: The Sun

Velosport bo‘yicha besh karra olimpiya chempioni britaniyalik Bredli Uiggins The Jump shou-dasturini tasvirga olish jarayonida oyog‘ini sindirib oldi, deb xabar berdi BBC News.

«Men uch-olti hafta davomida dam olishga majburman. Yaxshi yangilik shundan iboratki, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmadi. Qo‘rqinchli hech narsa bo‘lgani yo‘q, biroq jarohat menga shouda yana ishtirok etishga imkon bermaydi», - deya ma'lum qildi sporchi.

Ma'lumot uchun, The Jump – Britaniya televideniyesidagi shou bo‘lib, uning doirasida mashhur kishilar o‘z kuchlarini turli qishki sport turlarida sinab ko‘rishadi. Uiggins tog‘ chang‘ichi bo‘yicha mashqlarda jarohat oldi. O‘tgan yilning fevralida esa britaniyalik gimnastikachi, uch karra jahon chempioni Elizabet Tviddl shouni tasvirga olish jarayonida jarohat olgandi. U bo‘ynidan lat yegan bo‘lib, jarrohlik amaliyotidan o‘tkazildi.

Mashhur velosportchi Uiggins 2016 yilning dekabrida professional faoliyatini yakunlashi haqida e'lon qildi. U trekdagi velopoygalar bo‘yicha to‘rtta va shossedagi poygalarda bitta olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan.

Top