Joriy yilning fevral oyida Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi O‘zbekiston bo‘ylab o‘z safarini boshladi. Dastlabki manzil Andijon viloyati bo‘ldi. Ijodiy jamoa u yerda bo‘lar ekan, mustaqillikdan so‘ng o‘z qiyofasini butunlay o‘zgartirgan, zamonaviy ko‘rinish olgan Andijonning sporti bilan yaqindan tanishdi, odamlari bilan dildan suhbat qurdi.

Andijon sporti

Avvalo, shuni ta'kidlash lozimki, Andijon deganda inson ko‘z o‘ngida sport, to‘g‘rirog‘i boks gavdalanadi. Mubolag‘asiz aytsa bo‘ladiki, bu bejizga emas, chunki xalqaro turnirlardan tortib, to Olimpiya cho‘qqilarini zabt etgan zabardast sportchilargacha aynan mana shu zaminda tug‘ilib, voyaga yetishgan.

Darhaqiqat, dovrug‘i dunyoga doston bo‘lgan olimpiya, jahon va qit'a chempionlarini tarbiyalagan Andijon olimpiya zahiralari kollejini tom ma'noda – “Chempionlar fabrikasi” deb atash mumkin. Boks bo‘yicha ilk bor Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan o‘zbek o‘g‘loni Muhammadqodir Abdullayev, og‘ir vaznda havaskorlar o‘rtasida jahon chempioni, WBA professional yo‘nalishi oltin kamar sovrini sohibi Ruslan Chagayev, Afinada bo‘lib o‘tgan olimpiya o‘yinlari bronza medali sovrindorlari Bahodir Sultonov va O‘tkirbek Haydarovlar, Rio olimpiya o‘yinlari qahramoni Hasanboy Do‘stmatov, paralimpiya chempionlari Firdavs Musabekov, Muzaffar Tursunxo‘jayev... Eh-he, bu dargohdan yetishib chiqqan chempionlarni sanab adog‘iga yetish qiyin.   

Sportning juda ko‘p turlari bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoalari tarkibini AOZK talabalari tashkil etadi. Bu yutuqlar zamirida murabbiy va ustozlarning mashaqqatli mehnatining o‘rni beqiyos. Chunki, muassasada juda tajribali murabbiylar jam bo‘lgan.           

- Kollejimiz 2003 yil may oyida O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimovning tashabusi va rahnamoligida bunyod etilgan,- deydi muassasa direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Alisher Abdullayev.  - Kollejimizda ayni vaqtda 600 nafar o‘quvchi bo‘lib, ulardan umumta'lim bo‘g‘inida 300 nafari ta'lim tarbiya oladi. Sportning 29 turi bo‘yicha esa muntazam mashg‘ulotlar olib boriladi.      

Bilim dargohida 48x108 hajmdagi universal sport maneji, 1 ta yopiq va yana bir ochiq suv havzasi, bir nechta ochiq maydoncha hamda 18000 o‘rinli barcha talablarga javob beradigan “Sog‘lom avlod” o‘yingohi mavjud.

Universal sport arenasi va suzish havzasida bo‘lib, yosh sporchilarning chin yurakdan o‘zgacha g‘ayrat-shijoat bilan ustozlar ko‘magida sport hadislarini o‘rganayotganiga guvoh bo‘ldik.