Facebook rahbari Mark Tsukerberg “Bi-bi-si”ga bergan intervyusida globallashuv jarayoniga ishonchi qolmagani, prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi emasligi hamda yolg‘on yangiliklar tahdidi haqida gapirib berdi.

Globallashuv haqida

Tsukerbergning fikricha, axborotlar shovqini, jumladan, yolg‘on yangiliklar, o‘ylab topilgan xabarlar hamda xato fikrlar kishilar o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a'zosi emasdek, deb his etishlariga sabab bo‘lmoqda. Ular o‘zlarini jahon voqea va hodisalar kemasidan tashqariga chiqarib tashlangandek sezishmoqda, hamda “birlashgan dunyo” g‘oyasi ularga qiziq emas.

Ishbilarmon bilan intervyu Tsukerbergning Facebook hamjamiyatiga murojaati bilan bir kunda taqdim etildi. Unda u servisning kelajagi va globallashuv jarayoni haqida fikr bildirib, AQSh prezidenti Avraam Linkolnning “ko‘plab insonlarning kelajakka ishonchi so‘nib bormoqda” so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Murojaat asosan Facebook va uning foydalanuvchilari butun dunyo bo‘ylab birgalikda harakat qilishlariga bag‘ishlangan.

“Men Facebook’ga asos soldim. Dunyoni bir bayroq ostida birlashtirish g‘oyasi bahsli emasdek tuyulgandi. O‘shanda insonlar dunyo yil sayin yanada kuchliroq birlashayotganini yaxshi qabul qilishdi. Endi esa bu qarashlarga tanqidiy fikrlar bildirilmoqda”, - dedi Mark Tsukerberg.

Ishbilarmonning tan olishicha, globallashuv bilan birga yangi muammolar ham kelmoqda va kishilarning bunga salbiy munosabati ham namoyon bo‘lmoqda. Biroq Facebook rahbari jahon hamjamiyati birlashishda davom etishi kerakligini ma'lum qildi.

Tsukerbergning fikricha, har bir hamjamiyat, institut, tashkilot, kompaniya yoki davlat globallashuv rivojiga o‘z kuchlarini yo‘naltirishda davom etishi kerak, bu barcha insonlarga foyda keltiradi. “Agarda sizga jahonning qayerga qarab ketayotgani yoqmasa, umid qilamanki, siz shunchaki o‘tirmayapsiz, balki muhim nimanidir qilish lozimligini his etmoqdasiz”, - dedi Tsukerberg.

Ishbilarmon AQSh prezidenti Donald Tramp dunyoning birlashishi g‘oyasiga qanday munosabatda ekani haqidagi o‘z fikrlari bilan bo‘lishmagan.

“U bilan gaplashishingiz yoki u nimalar deyishi va nimalar qilishiga nazar solishingiz mumkin. Men globallashuv muammolari haqida Yevropa, Osiyo va AQShdagi saylovlardan ancha oldin gapirganman”, - deya javob berdi Tsukerberg.

Shuningdek, Facebook rahbarining ta'kidlashicha, globallashuv zamonaviy dunyoga liberalizmni kuchaytirish, ilm-fanni rivojlantirish hamda tinchlikni o‘rnatishda juda ko‘plab imkoniyatlar olib keladi. U zamonaviy dunyodagi aksariyat muammolarni hal etish uchun birlashgan jamiyat kerak bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi. Bu global isish, terrorchilik, epidemiyalar yoki fuqarolik urushlariga ham aloqador.