10:11 / 17.02.2017
6304

Pentagon rahbari IShID masalasini 27 davlat mudofaa vaziri bilan muhokama qildi

Pentagon rahbari Jyeyms Mettis Belgiya poytaxti Bryussel shahrida 27 mamlakat mudofaa vazirlari bilan uchrashdi. Ushbu mamlakatlar IShID terrorchilik guruhiga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiyada ishtirok etmoqda. Bu haqda Pentagon vakili Sara Higgins xabar qildi.

"Uchrashuv Suriyadagi IShIDga qarshi kampaniyaga bor e'tiborni qaratishga yo‘naltirildi. Uning davomida 2017 yilga mo‘ljallangan harbiy rejalar haqidagi ma'lumot ham bo‘ldi", - deya ma'lum qildi Pentagon vakili.

Keyingi uchrashuv kuz oylariga mo‘ljallangan.

IShID terrorchilik guruhi bugungi kunda dunyo xavfsizligiga eng katta rahna soluvchi tahdidlardan biri bo‘lib, terrorchilar uch yil davomida Iroq va Suriyaning katta hududlarini egallab olishdi. Ularning bir qismi esa so‘nggi oylarda qaytarib olindi. IShID bilan kurashda yagona front mavjud emas: guruh bilan Rossiya havo-kosmik kuchlari qo‘llab-quvvatlovida Suriya hukumati qo‘shinlari, Iroq armiyasi, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya, shuningdek, kurdlar, livanliklar va iroqlik shia isyonchilari jang olib bormoqda.

Top