2017 yilning 8 fevral kuni O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan “Press klub” tashkil etildi. “Xalq salomatligi: muammo va dolzarb vazifalar” mavzusida tashkillashtirilgan uchrashuvda ommaviy axborot vositalari vakillari Bosh vazir o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Adham Ikromov, vazirlikning boshqa amaldorlari, tibbiyot sohasidagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari, tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan uchrashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Ana shu uchrashuvda Adham Ikromov ham tug‘uruqxonalardagi poraxo‘rlik yoki “suyunchi puli” haqida berilgan savolga javob qaytardi. Uning aytishicha, xizmat mutlaqo bepul bo‘lishi lozim.
“Buning natijasini ko‘rish uchun bu yerda ishlaydigan xodimlarga alohida motivatsiya berishimiz kerak. Ularning oyliklarini boshqa tibbiyot xodimlarinikidan 2-3 barobargacha oshirish lozim. Har qanday niyatda berilayotgan va olinayotgan moddiy rag‘bat ham qonunan, ham insoniylik nuqtai nazaridan taqiqlanadi”, dedi vazir.
Yangi urf-odat
Xalqimizda “Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi”, degan naql bor. Yuqorida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tug‘uruqxonalar masalasiga bejiz to‘xtalinmagan. Go‘yoki o‘zbekning yangi urf-odatiga aylangan, qilmasa millat qadriyati oyoqosti bo‘lib qoladigandek tuyuladigan tug‘uruqxonadagi “qistir-qistir”, aniq aytadigan bo‘lsak, poraxo‘rlik anchadan buyon og‘riqli nuqtalarimizdan biri bo‘lib kelmoqda. Nafaqat poraxo‘rlik, balki u yerdagi sharoit, bemorlarning moddiy holatiga qarab muomalada bo‘lish, kabi holatlar zudlik bilan yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan illatlardir. Bunga tahririyatimizga kelgan aynan shu mazmundagi maktublar ham guvohlik berib turibdi. Bugun e'tiboringizga, O‘zbekistonning turli chekkalarida aynan tug‘uruqxonalar bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgan ayrim maktublarni havola etishni lozim topdik.
Yesang ham yemasang ham pul to‘laysan!
“Assalomu alaykum. Sizga tug‘uruqxonalar haqida savol va taklifim bor. Chindan ham tug‘uruqxonalar shifokorlar uchun daromad manbai bo‘lib qoldi. Davolanishga borsangiz ham, tug‘ishga borsangiz ham pul! Ayolni dard tutib turibdi, ammo ular qo‘liga qarashadi. Ayniqsa, kesarcha kesish yo‘li bilan ona bo‘lgan ayollar uchun tug‘uruqxonaga kelish ham bir muammo. Chunki operatsiya uchun falon pul to‘lanadi. Nega bunday holatlar nazorat qilinmaydi? Kim pul to‘lab qo‘ygan bo‘lsa, yaxshi qarashadi, bermaganga qo‘l uchida qarashadi. Tug‘uruqxonalarda yangi ko‘zi yorigan ayollarga berilayotgan ovqatlarni ko‘rganmisiz? Uni uyingizdagi ayolingizga ham ravo ko‘rmaysiz. Taomning na rangi bor va na mazasi. Bolalar shifoxonalaridagi ovqatlar ham nazorat qilinsa, yaxshi bo‘lar edi. Norasida go‘daklarga berilayotgan ovqatning mazasi, kaloriyasi umuman yo‘q. O‘sha taomlarni bemorlarning 90 foizi yemaydi, lekin kasalxonadan ketayotganda, albatta, ovqat pulini to‘lab ketishadi. Palatalar ham achinarli holatda. Ko‘p joylarda tozalikka amal qilinmaydi. Faqatgina xususiy klinika va kasalxonalar talabga javob beradi, desa bo‘ladi. Chunki ularda to‘lov katta miqdorda. Umuman olganda kelajagimiz davomchilariga yaxshiroq ahamiyat qaratilsa, yaxshi bo‘lardi”, deydi Mukambar ismli o‘quvchi.







