09:30 / 17.02.2017
14057

O‘zbekiston va Qozog‘iston toza ichimlik suvi bo‘yicha mega-loyiha ustida ishlamoqda

O‘zbekiston va Qozog‘iston mutaxassislari aholini Ugam daryosidan toza ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha yirik ko‘lamli loyiha masalalarini muhokama qilishdi, deb ma'lum qildi Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi matbuot xizmati. 

Ugam daryosi transchegaraviy hududda joylashgan. Agar ikki tomon kelisha olsa, Qozog‘istonning Sariyog‘och, Qazig‘urt, Maqtaaral, Shardara tumanlarida 2020-2030 yillarda bir millionga yaqin kishini toza suv ichimligi bilan ta'minlash bo‘yicha mega-loyiha amalga oshiriladi.

16 fevralda Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi Jonseit Tuymebayev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi oqar suv masalalari bo‘yicha davlatlararo ishchi guruhi vakillari bilan uchrashdi. Bu guruh O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra yaratilgan.  

"Bizda birgalikda hal qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar bor. Men aminmanki, suv zaxiralari, oqar va toza ichimlik suvini o‘zlashtirish bo‘yicha masalalar o‘zining ijobiy yechimini topadi", deb aytdi Jonseit Tuymebayev. 

"Oqar suvlarni o‘zlashtirish hamda toshqinlar vaqtidagi qiyinchiliklar ikkala tomon uchun umumiy muammo hisoblanadi. Shuning uchun bu masalalarni hal qilish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish kerak. Bu uchrashuv alohida ahamiyatga ega. Ishonamanki, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar xalqlarimiz manfaati yo‘lida yanada rivojlanib va chuqurlashib boradi. Shu munosabat bilan men mehmondo‘stligingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman", deb aytgan O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shavkat Hamroyev.        

Muzokaralar davomida tomonlar "Do‘stiq", "Zax" va "Xonim" kanallari suvlarini suv hajmiga mutanosib ravishda taqsimlashga kelishib oldilar.

Top