09:57 / 18.02.2017
22775

Koreyalik vazir o‘rinbosari O‘zbekistondagi faoliyatini yakunladi

O‘zbekiston bilan mehnat shartnomasi muddati tugaganligi munosabati bilan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari — AKT bo‘yicha maslahatchi Kim Nam Sok hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti prorektori — AKT bo‘yicha maslahatchi Li Chul Su yurtimizdagi faoliyatlariga yakun yasadilar.

Shu munosabat bilan, 17 fevral kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida markaziy apparat xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2012 yil 19-21 sentabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi davomida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlik qilish bo‘yicha imzolagan bitimlarni amalga oshirish maqsadida, janob Kim Nam Sok 2013 yilda yurtimizdagi faoliyatini boshlagan edi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, janob Kim Nam Sok o‘zining samarali mehnati faoliyati davrida mamlakatimizda elektron hukumat tizimi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirdi.

Jumladan, koreyalik mutaxassis Koreya Respublikasining elektron hukumat va AKTni jadal rivojlantirish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribasini o‘zlashtirish asosida ishlab chiqilgan “2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi”ni shakllantirishda faol ishtirok etgan, bu yo‘nalishda qator sohalarga oid standart va tasniflagichlarni, istiqbolda Respublika sanoatida dasturiy ta'minot mahsulotlarini keng joriy qilish va iqtisodiyotning real sektoriga AKTni joriy qilish yuzasidan taklif-tavsiyalarni ishlab chiqqan.

Shuningdek, janob Kim Nam Sok O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida bo‘lib, davlat organlari rahbarlari va mahalliy boshqaruv organlari mas'ul xodimlari uchun o‘quv seminarlari o‘tkazdi.

Uning taklif-tavsiyalari asosida mamlakatimizda "Elektron hukumat" tizimini rivojlantirish hamda Axborot xavfsizligini ta'minlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Koreyalik ekspert markazlar tarkibiy tuzilmasini shakllantirish, birlamchi vazifalaridan tortib, ularning rivojlanish yo‘nalishlarini ishlab chiqishda ham faol qatnashdi.

Kim Nam Sok elektron hukumat va iqtisodiyotning real sektori uchun axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi «LG CNS Uzbekistan» o‘zbek-koreys qo‘shma korxonasining tashkil etilishida ham jonbozlik ko‘rsatgan.

Umuman olganda, Kim Nam Sok O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida AKT sohasidagi yaqindan hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishida, Koreya tajribasi asosida O‘zbekiston IT bozorini rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi.

Kim Nam Sok 2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga ko‘ra «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

Tadbirda Kim Nam Sok O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga O‘zbekistonda samarali mehnat qilishi uchun yaratib berilgan qulay shart-sharoitlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi janob Kim Nam Sokka mamlakatda elektron hukumat va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorchilik bildiradi.

Top