12:49 / 19.02.2017
6026

BMT Mo‘sulga hujum boshlanishi ortidan yana yuz minglab qochqinlar paydo bo‘lishiga tayyorlanmoqda

BMTning gumanitar agentligi Mo‘sul shahrining g‘arbiy qismini ozod qilish amaliyoti boshlangani ortidan hududda yana yuz minglab qochqinlar paydo bo‘lishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tashkilot prognoziga ko‘ra, harbiy harakatlar davom ettirilishi tufayli shahardan 400 mingga yaqin kishi qochib chiqishi mumkin.

«Gumanitar agentlik ushbu harbiy kampaniya tufayli yuzaga keladigan gumanitar vaziyatga tezkorlik bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mo‘suldan janubga qochqinlarni qabul qilish markazlarlari barpo qilinmoqda, shuningdek, eng zarur buyum va mahsulotlar olib kelinmoqda. Zaxiralar 250–400 ming kishiga yetishi mo‘ljallangan, shahardan shuncha kishi chiqib kelishi kutilmoqda», — deyilgan xabarda.

BMTning Iroqdagi gumanitar boshqarmasi koordinatori Liz Grandening aytishicha, tashkilotning birinchi galdagi maqsadi tinch aholi himoyasi hisoblanadi.

«Biz harbiy kampaniya natijasida nima bo‘lishini bilmaymiz, ammo biz har qanday holatga tayyor turishimiz kerak. O‘n minglab kishilar shaharni tark etishga majbur bo‘lishi mumkin. Yuz minglab kishilar haftalar yoki oylar davomida qamalda qolishi mumkin», — degan Grande xonim.

Bundan oldinroq, Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy Mo‘sulning g‘arbiy qismini ham IShIDdan ozod etish uchun yurish boshlangani haqida xabar berdi.

Top