23:57 / 19.02.2017
9499

London meri Trampning Britaniyaga kelishiga qarshi chiqmoqda

Foto: PA

London meri Sodiq Xon Buyuk Britaniya AQSh prezidenti Donald Trampning "berahm va isnodli" harakatlari tufayli uning qirolikka kelishiga rad javob berishi kerak, deb aytdi. Bu haqda Evening Standard nashri xabar bermoqda

Xon bu haqda 20 fevralda parlamentda o‘tadigan, Trampning Britaniyaga tashrifi masalasi bo‘yicha muhokama oldidan aytdi. 

Xonning aytishicha, Trampning AQShga 7 ta musulmon davlati fuqarolarining kirishini vaqtinchalik taqiqlash haqidagi farmoni "AQSh prezidenti oyog‘i ostiga qizil gilamchani to‘shamaslikka" yetarlicha asos bo‘ladi.

"Men Amerikani, amerikaliklarni yaxshi ko‘raman va davlatlarimiz o‘rtasida o‘ziga xos  munosabatlar – bu yaxshidir. Agar siz kimdir bilan do‘st bo‘lsangiz, u bilan o‘ziga xos aloqalaringiz bo‘lsa, albatta siz uni bir-biringiz turli fikrlarda bo‘lsangiz ham qo‘llab-quvvatlaysiz, biroq ular nohaq bo‘lganlarida, ularga bu haqda aytasiz", deb aytdi London meri.    

Ta'kidlanishicha, AQShning avvalgi prezidentlari Britaniya qirolichasining mamlakatga tashrif buyurish taklifini ancha uzoqroq kutishlariga to‘g‘ri kelgan. Misol uchun, AQShning sobiq prezidenti Barak Obama bunday taklifni prezidentligining 758 kunidan keyin, Kichik Jorj Bush esa 978 kunidan keyin olgan. Trampga esa buning uchun 7 kun kifoya qilgan.

Avvalroq Britaniya parlamenti Trampning Buyuk Britaniyaga kiritilishini taqiqlash to‘g‘risidagi petitsiyani ko‘rib chiqishdan bosh tortgandi.

Mavzuga oid
Top