13:15 / 19.02.2017
28022

Poraxo‘rlikda ayblangan toshkentlik sudya 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Illyustrativ foto

Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari Toshkent shahri Shayxontohur tumanining jinoiy ishlar bo‘yicha sudining raisi Murod Alimuxamedovni ishchi xonasida 10 ming dollar pora olayotganda qo‘lga tushirdilar. U bu pullarga o‘g‘rilik uchun sudlangan shaxsning jazosini yumshatib berishga va'da bergan. Bu haqda MXX vakili "Sputnik Uzbekistan" nashri muxbiriga ma'lum qildi

"Tamagir jazolangan shaxsning yaqinlari qonunchilikning nozik tomonlaridan bexabar bo‘lganlaridan foydalangan. Ishning o‘ziga xosligi va sudlanuvchining yosh ekanligi hisobga olingan holda hamda bu oiladan ikki kishi jazo o‘tayotgani sababli yigit jazoni yumshatuvchi holatlar ta'siriga tushgan va amnistiya bo‘yicha jazodan ozod qilinishi mumkin bo‘lgan. Biroq Alimuxamedov ayblanuvchining yaqinlarini aldab, olingan pullarni ushbu jinoiy ishni ko‘rayotgan Toshkent shahar sudi sudyasiga berishini aytgan", deyildi xabarda.

MXX to‘plagan materiallar asosida Bosh prokuratura tamagir sudyaga nisbatan Jinoyat kodeksining "Pora olish" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Tergov davomida sudya o‘z xizmat vakolatlarini birinchi marta suiste'mol qilmayotgani aniqlangan. U, shuningdek, sudlanuvchi jarima sifatida to‘lab bergan pullarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olgan.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahrining jinoiy ishlar bo‘yicha sudi tamagir sudyaga nisbatan hukm chiqardi va uni 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Aytish joizki, Alimuxamedovning noqonuniy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan shaxslar adolatga erishdilar: o‘g‘rilik uchun sudlangan yosh yigit amnistiyaga ko‘ra ozodlikka chiqdi.

Umid qilamizki, yosh sudlanuvchi o‘z qilmishidan pushaymon yeb, unga berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, boshqa qonunga xilof ishlarga qo‘l urmaydi.

Mavzuga oid
Top