Chorvachilik qadimgi davrdan to bugunga qadar insoniyat turmush tarzining ajralmas bir bo‘lagi bo‘lib kelgan. Tsivilizatsiya jarayoni inson hayotiga yangicha ko‘rinish olib kirgan turli mashg‘ulotlar, ixtirolar va kasblarni paydo qilgan bo‘lsa-da, chorvachilik bular bilan uyg‘un tarzda rivojlana bordi.

Bugun butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham chorvachilik izchil rivojlanib, kengayib bormoqda. Aholining bu mashg‘ulot bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda, bu islohotlarni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Kun.uz tahririyatining Andijon viloyatiga safari davomida hududda tashkil etilgan chorvachilik bilan ham yaqindan tanishdi. Jumladan, viloyatning Oltinko‘l tumanida joylashgan “Baxt imkon rivoj chorvasi” fermer xo‘jaligida bo‘lib, olib borilayotgan ishlarga guvoh bo‘ldi. Shuni alohida ta'kidlash lozim-ki, tadbirkor Faxriddin Ismoilov rahbarligidagi maskanda naslchilik, chorvachilik mahsulotlarini ko‘paytirish, yem-xashak bazasini mustahkamlash kabi jarayonlar zamonaviy uslubda kompleks mexanizatsiyalashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Tas-Ix`da ko‘rish

- Fermer xo‘jaligimizda 1680ta qoramol bo‘lib, shundan 650 boshi sog‘in sigirlar, 384 boshi 1 yoshgacha bo‘lgan buzoqlar hisoblanadi, - dedi mazkur xo‘jalikning ish yurituvchisi Qobil Karimov. – Ayni kunlarda 14,5 tonnadan 16 tonnagacha sut olishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Bunga sabab maskanda “Simmental”, “Golshtin friz”, “Shvits” zotli qoramollarning parvarishlanayotganidir. Masalan, “Golshtin friz” zotli sigirdan bir kunda o‘rtacha 40 litr sut sog‘ib olinadi. Qolgan zotlar esa 30-35 litrdan sut beradi.

Suhbat davomida aniq bo‘ldiki, sigirlarning sut berish holati havo va ozuqa evaziga o‘zgarib turadi. Salbiy holatlar vujudga kelsa, bir kunda 1,5 tonnaga qadar sut yo‘qotilishi mumkin.