O‘zbekiston | 16:52 / 20.02.2017
31112
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 5 tonnali “shirin konteyner” qo‘lga olindi

O‘zbekiston Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga binoan yaroqlilik (saqlash) muddatida tovar foydalanishga yaroqli bo‘lishi va u tamom bo‘lgach, tovar odamlar hayoti hamda sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi qayd etilgan. Amaldagi tartiblarga muvofiq. yaroqlilik muddati va ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan dori-darmon, oziq-ovqat va maishiy kimyo vositalarining realizatsiya qilinishi man etiladi.

Shuningdek, iste'mol muddati tugashiga 60 kundan kam qolgan tovarlar bojxona omboriga joylashtirilmaydi.

Toshkentdagi “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari temir yo‘l konteynerlaridan birini o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazishganda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Bojxona ko‘rigi davomida ma'lum bo‘lishicha, konteynerlardan birining ichidagi 20 tonnadan ortiq yuklar Latviyadan Toshkentda faoliyat yurituvchi ma'suliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga yuborilgan bo‘lib, ular orasidagi salkam 5 tonnayu 800 kg. shokolad va saqichlarning iste'mol muddati deyarli 3 yil avval o‘tib bo‘lgan. 830 kg.dan ortiq kartoshka chipslarining iste'mol muddatiga esa atigi 1 oy qolgan, xolos.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 13 maydagi "O‘zbekiston Respublikasiga iste'mol tovarlari olib kirishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 127-sonli qaroriga muvofiq respublikaga olib kiriladigan oziq-ovqat tovarlarini belgilangan tartibda davlat tilida markirovka qilishga doir talablarga ham umuman rioya qilinmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid